Bog‘chalardagi bolalar zaharlanishi bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlar e’lon qilindi

Bog‘chalardagi bolalar zaharlanishi bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlar e’lon qilindi

Toshkent viloyatida bolalar zaharlanishi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan SSV Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov axborot berdi.

 

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, jami 1 922 nafar bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ulardan 959 nafari sog‘lom deb topilib, uyiga kuzatilgan, 269 nafari qisqa muddatli davolanishdan keyin shifoxonadan chiqqan, 694 nafari esa hozirda davolanmoqda.

 

Shifoxonadagi bolalardan 13 nafarining ahvoli o‘rtacha og‘irlikda baholanmoqda. Bugun yana 421 nafar bolaning sog‘ayib, uyiga chiqarilishi rejalashtirilgan.

 

 

Davolash jarayonlariga Toshkent shahridagi 17 ta ixtisoslashgan muassasadan yuzdan ortiq olim va mutaxassis jalb qilingan bo‘lib, barcha ishlar zamonaviy standartlarga muvofiq amalga oshirilmoqda.

 

Bemor bolalarga o‘tkir gastroenterit tashxisi qo‘yilgan. Mutaxassislar bu kasallik og‘ir toifaga kirmasligini va odatda asoratsiz o‘tishini qayd etishmoqda.

 

 

Ayni paytda shtab har uch soatda vaziyatni nazorat qilib, joylarda epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, dori vositalarining yetarli zaxirasi mavjudligi ta’kidlandi. Voqea yuzasidan aybdor shaxslarga qonuniy baho berilishi ham ma’lum qilindi.