Piskent va Bo‘ka tumanlarida bog‘cha bolalarining ovqatdan zaharlanishi bo‘yicha jinoyat ishi ochildi

Piskent va Bo‘ka tumanlarida bog‘cha bolalarining ovqatdan zaharlanishi bo‘yicha jinoyat ishi ochildi

Toshkent viloyatining ayrim maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar zaharlangani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar bermoqda Bolalar ombudsmani matbuot kotibi Surayyo Rahmonova.

 

Avvalroq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 24-sentabr kuni Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bog‘chalar tarbiyalanuvchilari zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar bergandi. Bolalar ombudsmaniga ko‘ra, Quyi Chirchiq tumanidagi muassasalardan ham tana haroratining ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi va ich ketishi bilan murojaatlar bo‘lgan.

 

Idora dastlabki tibbiy ko‘riklar xulosasi asosida bemor bolalarga zaruriy muolajalar ko‘rsatilgani va shu kuni aksariyatining sog‘lig‘i yaxshilangani tufayli uylariga javob berilgani, og‘ir ahvoldagi bemorlar aniqlanmaganini tasdiqladi.

 

Holat yuzasidan 25-sentabr kuni Toshkent viloyati IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 257−1-moddasi 1-qismi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

 

 

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi viloyat boshqarmasi hamda Piskent, Bo‘ka va Oqqo‘rg‘on tuman bo‘limlari mutaxassislari tomonidan DMT muassasalarining oshxonalari ko‘zdan kechirilib, bolalar sutkalik iste’mol qilgan taomlardan olingan namunalar laboratoriyalarda tegishli tartibda tekshirilmoqda.

 

️Bolalar ombudsmani bola manfaatlari nuqtai nazaridan holat bo‘yicha o‘z kuzatuvini davom ettirishini qayd etdi.