Super-kontrakt chiqmagan bo‘lsa ham abituriyentni darslarga kiritish mumkinmi?

Super-kontrakt chiqmagan bo‘lsa ham abituriyentni darslarga kiritish mumkinmi?

Tahririyatimizga hali super kontrakt tasdiqlanmaganiga qaramasdan, bir qancha oliygohlarda abituriyentlar dars jarayoniga kiritilayotgani va ulardan offlayn ariza olinayotgani haqida murojaatlar kelib tushdi. Jumladan, ushbu holat Samrqand davlat universitetida ham kuzatilgan. Holatga aniqlik kiritish maqsadida universitet mas’ullari bilan bog’landik.

 

Mas’ullarning ma’lum qilishicha, joriy yilda super kontraktga o’qishga qabul qilish tartibi kechikayotgani va allaqachon dars jarayonlari boshlanganligi sababli super-kontraktda o’qimoqchi bo’lgan talabgorlar darslardan ortda qolib ketmasliklari uchun o’quv jarayoniga kiritilgan.

 

Holatga qonuniy izoh olish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutaxassislari bilan ham bog’landik. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hali super kontrakt tasdiqlanmasdan turib, abituriyentni «kutilayotgan talaba» sifatida o’qish jarayonlariga kiritish mumkin emas. Chunki, agar ushbu talabaga super-kontraktga qabul qilish bo’yicha buyruq chiqmasa, oliygoh va talaba o’rtasida nizoli vaziyat kelib chiqishi mumkin.

 

Qonunchilikka ko‘ra, Qabul komissiyasining super-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish bo‘yicha buyrug’i chiqmaguncha abituriyent talaba hisoblanmaydi. Shuning uchun darslarga qatnashish huquqi ham faqat buyruq chiqqandan keyin beriladi.

 

Vazirlik mutaxassislari ushbu holatda oliy ta’lim muassasalari “kutilayotgan talaba” bilan bunday masalalarni oldindan aniqlashtirib, barcha shartlarni kelishib olishlari zarurligini keltirib o’tdi. Chunki, talaba o’qish davri davomida vaqt va moddiy xarajat qilgan bo’ladi.