Mamlakat poytaxtidagi Lo Barnechea Bicentenario maktabi o‘quvchilarning mobil telefonga qaramligini kamaytirish va sinfdagi intizomni mustahkamlash uchun noyob tajriba boshladi. Endi dars vaqtida o‘quvchilarning telefonlari magnitli yopiq qutilarga joylanadi va signal bloklanadi. Bu esa darslarga e’tiborni oshirish va tanaffuslarda yuzma-yuz muloqotni qayta tiklashga qaratilgan.
Ilgari o‘qituvchilar darsdan oldin telefonlarni yig‘ib olish yoki o‘quvchilarga o‘z xohishiga ko‘ra o‘chirib qo‘yishni so‘rardi. Biroq bu usullar kutilgan natijani bermagan — o‘quvchilar yashirincha telefon ishlatishda davom etgan.
Yangi tizimda esa telefonlar maxsus magnitli qutiga joylanadi, dars yakunida esa ochib olish mumkin.
O‘qituvchilar va ota-onalar dastlab bu tashabbusga turlicha qaradi. Ba’zi o‘quvchilar telefonisiz qolishga qiynalgan, ota-onalar esa bolalari bilan aloqasi uzilib qolishidan xavotir olgan. Ammo bir necha oy ichida natijalar o‘zini oqlay boshladi:
—o‘quvchilarning darsdagi e’tibori sezilarli oshgan;
—tanaffuslarda bolalar bir-birlari bilan suhbatlashish, stol o‘yinlari o‘ynash va sport bilan shug‘ullanishga qayta odatlanmoqda;
—o‘qituvchilarning aytishicha, intizomiy muammolar kamaygan va sinfda o‘quv jarayoni ancha samarali bo‘lmoqda.
Bugun dunyoning ko‘plab davlatlarida maktablarda mobil telefonlardan foydalanish bo‘yicha qoidalar joriy etilmoqda. Masalan:
– Fransiyada 2018 yildan beri maktablarda telefon ishlatish qat’iyan taqiqlangan;
– Buyuk Britaniya maktablari telefon siyosatini mustaqil belgilaydi, ko‘p joylarda qattiq cheklovlar mavjud;
– Estoniya esa telefonni taqiqlash o‘rniga uni ta’lim vositasiga aylantirish yo‘lini tanlagan.
Chilidagi yangi tajriba esa oraliq yechim sifatida qaralmoqda: telefonlar dars jarayonidan chetlashtiriladi, lekin maktabdan chiqishda qaytariladi.
