2024-yil 2-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudida shahvoniy shilqimlik qilishda gumonlangan shaxs ustidan sud bo‘lib o‘tdi. “Gazeta.uz” sud hujjatini o‘rgandi.
Qayd etilishicha, 1997-yilda tug‘ilgan yigit 24-yanvar kuni soat 11:30 larda o‘zi ishlab kelayotgan Urgut tumanidagi maktabda dars o‘tish jarayonida shu maktabning 11-sinfida o‘quvchi qizning sha’ni va qadr qimmatini tahqirlaydigan, shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan harakatlar bilan haqoratomuz shilqimlik qilgani aniqlanib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Sud majlisida jabrlanuvchi qizning ko‘rsatuviga ko‘ra, o‘qituvchisi Sh. M. ularni sinfiga dars o‘tish jarayonida, “sen turmushga chiqyapsanmi, biroz shoshmay tursang, o‘zim senga uylanardim” deb aytgan. Ertasi kuni Sh. M. dars jarayonida unga “nega xomush o‘tiribsan, hech bo‘lmasa men uchun xursand bo‘lib o‘tir” deb aytgan. Keyin o‘quvchilarni daftarlarini tekshirish jarayonida u daftari uyda qolib ketganini aytganida, uni doskaga chiqarib sinfdoshlarining ko‘z o‘ngidan egnidagi kiyimini aylantirib ko‘rsatishni talab qilgan. Lekin qiz uni aytganini qilmagan va unga qarshi biron so‘z ayta olmagan. Qiz uyga borib bo‘lgan voqeani ota-onasiga aytib bergan. Sudda qiz Sh. M.ni kechirmasligi, sinfdoshlari oldida uni sharmanda qilgani sababli qonuniy chora ko‘rishni so‘radi.
Sud majlisida so‘ralgan huquqbuzar Sh. M. o‘z ko‘rsatuviga ko‘ra, aybiga qisman iqrorlik bildirgan. U haqiqatdan ham o‘sha kuni soat 11:30 larda har doimgidek 11 sinf o‘quvchilarga dars o‘tish jarayonida o‘quvchilarga topshiriq berib tashqariga chiqib, birozdan so‘ng sinfxonaga qaytib kirganida, qiz va uning uch nafar dugonasi bir joyga to‘planib olib, baland ovozda turmushga chiqayotganini aytib, bir birini kiyimlari va bo‘lajak turmush o‘rtoqlari haqida gaplashib o‘tirganini ko‘rgan.
Ayblanuvchi shu vaqtda hech kimga shahvoniy shilqimlik qilmagani, faqat o‘quvchisiga tanbeh bergani, hozirgi kunda qilgan ishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanini inobatga olib qonuniy yengillik berishni so‘radi.
Cud Sh. M.ni aybdor deb topib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismi (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan 3 sutka ma’muriy qamoqqa olish jazosi tayinladi.
Huquqbuzar Sh. M. qabul qilish muassasasi foydasiga ma’muriy qamoqning har bir kuni uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi, ya’ni 51 ming so‘mdan 3 sutka uchun jami 153 ming so‘m qamoq xarajatlari undirilishi belgilandi.