Bog‘cha mudirasi lavozimini 2500 AQSH dollarga pullamoqchi bo‘lgan MMTB boshlig‘i qo‘lga tushdi

Bog‘cha mudirasi lavozimini 2500 AQSH dollarga pullamoqchi bo‘lgan MMTB boshlig‘i qo‘lga tushdi

Namangan viloyatidagi tumanlardan birining maktab va maktabgacha taʼlim boʻlimi mudiri pora bilan qo’lga tushgan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

 

Ma’lum bo’lishicha, bog’cha mudiri hamda ikkita xususiy bogʻcha rahbarlari oʻzaro til biriktirib, mahalliy fuqaroning ishonchiga kirgan.

 

Xususan, ular oʻzlarining mansabdor tanishlari orqali fuqaroni boshqa tumandagi davlat tasarrufidagi maktabgacha taʼlim muassasalaridan biriga mudira lavozimiga tayinlash evaziga 2500 AQSH dollari talab qilgan.

 

Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda dastlab oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalaridan birining rahbari 2500 AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.

 

Soʻngra tezkor tadbir davom ettirilib, undan ushbu pul mablagʻini olgan vaqtida ikkinchi oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi rahbari qoʻlga olingan.

 

Oʻz navbatida u 1000 AQSH dollarini tuman maktab va maktabgacha taʼlim boʻlimi mudiriga berishi kerakligi aniqlanib, mazkur mansabdor shaxs ham ushbu pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

 

Hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi va 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.