Google kompaniyasi o‘zining Gemini neyrotarmog‘i uchun yangi rejim — Guided Learning («Yo‘naltirilgan o‘qitish») ni joriy etganini ma’lum qildi. Bu imkoniyat aynan ta’lim uchun ishlab chiqilgan LearnLM oilasiga mansub sun’iy intellekt modellari integratsiyasi orqali paydo bo‘lgan. Avval bunday funksiyani birinchi bo‘lib ChatGPT taqdim etgan edi.
Yangi rejimda foydalanuvchi Gemini’dan odatdagidek savol berishi yoki o‘quv masalasini yechishni so‘rashi mumkin. Ammo oddiy rejimdan farqli o‘laroq, neyrotarmoq tayyor javob bermaydi, balki masalani bosqichma-bosqich o‘rganishga undaydi.
Masalan, kompaniya blogida keltirilgan vaziyatda neyrotarmoq raketa qanchaga ko‘tarilishi haqidagi masalaning javobini darhol bermaydi, balki o‘quvchini o‘zi fikrlashga majbur qiladi. Buning uchun, u o‘qituvchiga o‘xshab savollar beradi: harakatda qaysi energiya turlari ishtirok etadi, ularni hisoblash uchun qaysi formulalar kerak va hokazo. Agar foydalanuvchi javob bera olmasa, neyrotarmoq batafsil tushuntirish beradi — matnli izohlar, tasvirlar va grafiklar orqali.
Gemini’dagi yangi o‘quv rejimi OpenAI ChatGPT’da ham shunday imkoniyat paydo bo‘lgani haqida rasmiy xabar chiqqanidan keyin taqdim etilgan. Demak, dunyo bo‘ylab keng qo‘llanilayotgan neyrotarmoqlar endi o‘z ichiga maxsus o‘quv vositalarini ham qo‘shmoqda (Rossiyada hozircha ChatGPT ham, Gemini ham mavjud emas).
Britaniyalik onlayn-ta’lim eksperti Filippa Hardman ikkala neyrotarmoqning o‘quv rejimlarini solishtirib, quyidagi xulosaga keldi: hozircha Gemini raqibidan ustun, chunki u faqat matn emas, balki tasvir va videodan ham foydalanadi. Shu bilan birga, ChatGPT’dagi Study Mode sokratik dialogni yaxshiroq tashkil etadi. Ammo Gemini mavzularni qisqa bloklarga ajratib berishda samaraliroq bo‘lib, bu foydalanuvchining aqliy yuklamasini nazorat qilishga yordam beradi.
Biroq ikkala neyrotarmoqda ham muhim kamchilik bor: ular o‘quvchining bilim darajasi va oldingi qadamlarini eslab qolmaydi.
Filippa Hardman fikricha, agar Gemini Google Classroom bilan birlashtirilgan ta’lim ekotizimiga qo‘shilsa, bu muammo bartaraf etilishi mumkin. Lekin bu yagona kamchilik emas: mutaxassis ta’kidlaganidek, ham Gemini, ham ChatGPT ko‘pincha foydalanuvchini maqtab yuboradi, ammo agar foydalanuvchi savollarga javob bera olmasa, tezda taslim bo‘lib, bevosita yordam va tayyor javob berishga o‘tadi. Haqiqiy o‘qituvchi esa bunday vaziyatda biroz vaqt sarflab, o‘quvchini mustaqil fikrlashga undagan bo‘lardi.
