AQSh Davlat departamenti joriy yilda xorijiy talabalarga nisbatan Donald Tramp ma’muriyatining siyosatini qat’iylashtirish doirasida 6 000 dan ortiq talabalik vizalarini bekor qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Davlat departamenti vakilining so‘zlariga ko‘ra, vizalar immigratsiya qoidalarini buzganlik sababli, jumladan, mamlakatda qolish muddatini oshirib yuborish va jinoyat sodir etilgani uchun bekor qilingan.
— Bu holatlarning mutlaq ko‘pchiligi hujumlar, mast holda avtomobil boshqarish, o‘g‘irlik va terrorizmni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq, — deya ta’kidlanadi.
Ma’lum qilinishicha, taxminan 4 mingta viza qonunbuzarlik uchun qaytarib olingan, yana 200–300 tasi esa Immigratsiya va fuqarolik to‘g‘risidagi qonun asosida terrorchilik faoliyatida gumon qilinganlik uchun bekor qilingan.
Avvalroq, Prezident Donald Tramp yetakchi Garvard universiteti bilan bahsda federal moliyalashtirishni muzlatib qo‘yib, uni soliq imtiyozlaridan mahrum qilishini aytgandi.
AQSh Davlat kotibi Marko Rubioning ta’kidlashicha, «yuzlab, ehtimol minglab talabalik vizalari» bekor qilingan, chunki ularning egalari AQSh tashqi siyosatiga zid deb hisoblangan faoliyatlarda qatnashgan. Ma’muriyat vakillari, shuningdek, vizalar va Green-Card egalari Isroilni tanqid qilsa, deportatsiya qilinishi mumkinligini qayd etgan.
