Namanganda maktab va maktabgacha ta’lim bo’limi mudiri pora bilan qo‘lga olindi

Namanganda maktab va maktabgacha ta’lim bo’limi mudiri pora bilan qo‘lga olindi

Namangan viloyatida maktab va maktabgacha ta’lim tizimi vakillari bilan bog‘liq qonunbuzarlik holati aniqlandi.

 

Ma’lum bo‘lishicha, viloyat tumanlaridan birining maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri hamda ikkita xususiy bog’cha rahbarlari o‘zaro til biriktirgan.

 

Ular fuqaroning ishonchiga kirib, mansabdor tanishlari orqali boshqa tumandagi davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga mudira lavozimiga tayinlash evaziga 2 500 AQSh dollari talab qilishgan.

 

Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, dastlab oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi rahbarlaridan biri 2 500 AQSh pora pulini olayotganda qo‘lga olingan.

 

Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, undan ushbu pul mablag‘ini olgan vaqtida ikkinchi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi rahbari qo‘lga olingan.

 

O‘tkazilgan tezkor chora-tadbirlar jarayonida ushbu puldan 1 000 AQSh dollari tuman maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiriga berilishi kerakligi aniqlanib, u ham porani olayotganda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.