O‘zlashtirishi yuqori bo‘lgan ayrim toifadagi talabalarga foizsiz ta’lim krediti beriladi

O‘zlashtirishi yuqori bo‘lgan ayrim toifadagi talabalarga foizsiz ta’lim krediti beriladi

Hukumat qaroriga ko‘ra, belgilangan toifadagi talabalar uchun 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida fanlarni o‘zlashtirishning o‘rtacha ko‘rsatkichi (GPA (grade point average) ko‘rsatkichi) “3,5” va undan yuqori bo‘lgan talabalarga keyingi o‘quv yili uchun foizsiz ta’lim krediti ajratiladi.

 

Bunday imtiyoz beriladigan toifalar ro‘yxati Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutaxassislarining ma’lum qilishicha, ushbu imkoniyatdan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan qizil va sariq toifadagi talabalar foydalanishlari mumkin. Bunda:

 

“qizil” toifaga — oila a’zolarining har biriga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lgan va quyidagi mezonlarning biriga javob beradigan oilalar:
– a’zolarining kamida bir nafari sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mehnat qilish imkoniyatiga ega bo‘lmagan oila;
– parvarishga muhtoj a’zosi, shu jumladan, nogironligi mavjud farzandi bo‘lgan oila;
– o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi yoki yolg‘iz keksa yoxud yolg‘iz nogironligi bo‘lgan shaxsdan iborat bo‘lgan oila;
– boquvchisini yo‘qotgan yoki boquvchisi jazoni ijro etish muassasasida bo‘lgan oila kiradi.
“Sariq” toifaga — oila a’zolarining har biriga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lgan hamda a’zolari sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mehnat qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan oilalar kiradi.