Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarga boshqa hududlardan o‘qituvchilar qanday tartibda jalb qilinadi?

Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarga boshqa hududlardan o‘qituvchilar qanday tartibda jalb qilinadi?

Vazirlar Mahkamasining «Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarga malakali o‘qituvchi-pedagoglarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qaroriga ko’ra, ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda ta’lim berish uchun boshqa hududlardan jalb etiladigan o‘qituvchi-pedagoglardan ayrim talablar belgilangan.

 

 

Unga ko’ra, boshqa hududlardagi ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish istagini bildirgan o‘qituvchi-pedagoglar elektron platformaga kiritilgan ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarning birini tanlab, ko‘rsatilgan vakant soatlar bo‘yicha 15-maydan 25-iyulga qadar umumta’lim maktabi direktoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qiladi.

 

 

O’qituvchi-pedagoglar:

 

 

– tegishli fan yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lishi;

– dars berayotgan fani bo‘yicha birinchi yoki oliy malaka toifasiga ega bo‘lishi;

– boshqa hududda kamida bir yil pedagogik faoliyat yuritgan bo‘lishi;

– amalda faoliyat yuritayotgan maktab ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatida mavjud bo‘lmasligi talab etiladi.

 

Boshqa hududlardan jalb etilgan o‘qituvchi-pedagoglarga qanday tartibda qo‘shimcha haq to‘lanadi?

 

Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar belgilanadi.

 

 

Bunda:

 

– bir ma’muriy-hududiy birlik doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz miqdorida;

 

– boshqa ma’muriy-hududiy birlikdan — boshqa viloyatlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahridan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz miqdorida maxsus ustamalar to‘lanadi.

 

 

Boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar ular borgan maktab ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatidan chiqarilgan yildan keyingi o‘quv yili uchun ham to‘lanadi.

 

 

Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarga boshqa hududlardan jalb etilgan o‘qituvchi-pedagoglarning amalda ishlagan maktabning Ishchi guruhi tomonidan o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasidan belgilangan ustama miqdori (foizi) bir o‘quv yili davomida saqlanadi va keyingi o‘quv yilida ushbu maktabning Ishchi guruhi tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” 2019-yil 30-sentyabrdagi 823-son qarorida belgilangan tartibda qayta ko‘rib chiqiladi.

 

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari boshqa hududdan ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarga jalb etilgan o‘qituvchi-pedagoglarga munosib sharoitlar yaratish uchun ularni borgan hududda uy-joyi bo‘lmagan taqdirda, tegishli tuman (shahar) hokimliklari tomonidan faoliyat olib borgan davriga, biroq 2 yildan ortiq bo‘lmagan muddat davomida xizmat uy-joylari yoki tuman (shahar)lar mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi berilishini ta’minlaydi.