Belorusda yangi o‘quv yilidan boshlab maktab va kollej o‘quvchilari darslar boshlanishidan oldin o‘z gadjetlarini topshiradi va mashg‘ulotlar tugagach qaytarib oladi. O‘qituvchilarga ham ta’lim jarayonida telefonlardan foydalanish taqiqlanadi. Ammo ayrim istisno holatlar mavjud.
2025-yil 1-avgustdagi Ta’lim vazirligining 136-son qarori ta’lim jarayonini tashkil etish xavfsizlik qoidalariga o‘zgartirishlar kiritdi. Ular orasida maktabgacha, umumiy o‘rta va maxsus ta’lim dasturlarini amalga oshirish tartiblari ham bor.
Asosiy o‘zgarishlar mobil aloqa vositalaridan (keyingi o‘rinlarda – telefon) foydalanish va o‘quv muassasalariga kirish tartib-qoidalariga tegishli. 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab, o‘quvchilarga va o’qituvchilarga telefonlardan foydalanish taqiqlanadi.
Istisno holatlar: sog‘ligi sababli bunday qurilmalardan foydalanishi zarur bo‘lganlar, masalan qandli diabet kasalligida qondagi shakar miqdorini nazorat qilish uchun. Ba’zi hollarda (masalan, ota-onasi bilan tezkor aloqa qilish zarur bo‘lsa) navbatchi administrator yoki telefonlarni saqlash uchun mas’ul shaxs ruxsati bilan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.
Maxsus ta’lim dasturlari doirasida zarur gadjetlardan foydalanish faqat pedagog ruxsati bilan, maxsus ta’lim dasturi mazmunidan kelib chiqib amalga oshiriladi.
Pedagog xodimlar ham ta’lim jarayonida telefonlardan foydalanishi mumkin emas. Istisno holatlar – hayot yoki sog‘liqqa tahdid soladigan holatlar va boshqa favqulodda vaziyatlar.
Belorus ta’lim vazirligining nizomida telefonlarni topshirish va qaytarib olish tartibi, shuningdek saqlash joylari ham belgilangan. O‘quv muassasasiga kirishda o‘quvchi telefonni ovozsiz rejimga o‘tkazib, kun davomida maxsus ajratilgan joyda qoldirishi kerak, jumladan:
– shaxsiy buyumlar uchun individual qutida;
– bir sinf o‘quvchilari telefonlari uchun mo‘ljallangan quti (keys)da;
– har bir sinf uchun alohida xona mavjud bo‘lsa – garderobda;
– qulflanadigan maxsus xonada (yoki shkafda) telefon qutilari (keyslar) bilan;
– yoki boshqa saqlash joyida.
Darslar va sinfdan tashqari mashg‘ulotlar tugagach, o‘quvchilar telefonlarini darsni olib borgan pedagog yoki saqlash uchun mas’ul xodim nazorati ostida qaytarib olishadi.
O‘quvchilarning qonuniy vakillari va tashrif buyuruvchilar maktab (kollej) binosiga faqat belgilangan ish vaqtida, shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etgan holda va maqsadini ko‘rsatib, qorovul (yoki qo‘riqchi) tomonidan maxsus jurnalga qayd etilganidan keyin kiritiladi.
