O‘tgan yili qanday edi?
2024-2025 o‘quv yilida davlat OTMga to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar hamda tahsil olayotgan talabalar uchun to‘lov muddatlari belgilangandi.
To‘lov miqdorining kamida 50 foizini 2025 yil 1-yanvargacha, 75 foizini 2025 yil 1-martgacha va 100 foizini 2025 yil 1-maygacha yoki OTM rektori (direktori) tomonidan uzaytiriladigan muddatgacha to‘langan.
Bunda, mazkur tartib moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalari uchun tavsiyaviy xarakterga egaligi bildirilgan.
2024/2025-o‘quv yilining kontrakt miqdori
Bu yil-chi?
Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning aytishicha, Oliy ta’lim vazirligining mas’ullari joriy yilda to‘lov-kontrakt summalari oshirilmasligini ta’kidlangan.
‘‘Bu masalada Oliy ta’lim vazirligining mas’ullari bilan bog‘landim, ular ushbu ma’lumotni tasdiqlashdi. Tez orada talabalar uchun yangi o‘quv yiliga onlayn shartnoma olish boshlanadi, shartnomada o‘tgan yili tasdiqlangan summalar aks etadi’’, — deb yozadi Xushnudbek.
Shu jumladan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hali kontrakt va super-kontrakt toʻlovlariga oid oʻzgarishlar tasdiqlanmaganini bildirgan.
Xushnudbek yuridik jihatdan qanday bo‘lishini ham tushuntirib o’tgan.
Uning yozishicha, o‘tgan yili to‘lov-kontraktlar miqdori haqidagi Davlat qabul komissiyasining qarori “2024-2025-o‘quv yilidan boshlab quyidagi miqdorlar tasdiqlansin” degan mazmunda chiqqan edi. Joriy yilda yangi miqdorlar tasdiqlanmaydi, demak, yuridik jihatdan o‘tgan yili tasdiqlangan miqdorlar amal qilishda davom etaveradi.
‘‘Qoidaga ko‘ra, moliyaviy mustaqillik berilgan oliygohlar to‘lov-kontrakt miqdorlarini oshirish yoki eskicha qoldirish masalasini o‘zi hal qiladi. Ammo katta ehtimol bilan ularda ham oshmasa kerak (agar 1-2 tasi istisno bo‘lmasa, albatta)’’, — deydi u.
