1-sentyabrdan o‘quvchilarni sinfdan-sinfga o‘tkazish bo‘yicha nizomning bir bobi o‘z kuchini yo‘qotadi

1-sentyabrdan o‘quvchilarni sinfdan-sinfga o‘tkazish bo‘yicha nizomning bir bobi o‘z kuchini yo‘qotadi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2025-yil 20-avgust kuni ro‘yxatdan o‘tgan ‘‘O‘quvchilarni sinfdan sinfga va bir umumiy o‘rta ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 5-bobini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish haqida’’ buyrug‘i e’lon qilindi.

 

Unga ko’ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 14-iyuldagi 439-son “Ilk rivojlanish markazlari faoliyatini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining 2015-yil 2-iyundagi 13-mh-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2684, 2015-yil 17-iyun) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 24-son, 319-modda) bilan tasdiqlangan ‘‘O‘quvchilarni sinfdan-sinfga va bir umumiy o‘rta ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risida’’ gi nizomning 5-bobi o‘z kuchini yo‘qotishi belgilangan.

 

Ushbu bobda Xorijiy davlatda taʼlim olgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosini Oʻzbekiston Respublikasidagi maktabga oʻtkazish tartibi belgilangan edi. Endi ushbu tartib oʻrniga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 14-iyuldagi 439-son “Ilk rivojlanish markazlari faoliyatini bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elda taʼlim olgan farzandlarini davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish tartibiga amal qilinadi.

 

19.1. Unga koʻra, ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun ushbu Reglamentning 31-bandida koʻrsatilgan muddatda DXMga shaxsan kelib murojaat etadi yoki YIDXP yoxud MMTV portalida roʻyxatdan oʻtadi.

 

19.2. Ariza beruvchi o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, DXM xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP yoki MMTV portali orqali murojaat etgan taqdirda esa ariza beruvchi mustaqil ravishda ushbu Reglamentga 6-ilovaga muvofiq shaklda so‘rovnomani to‘ldiradi.

 

19.3. Ariza beruvchi tomonidan quyidagi hujjatlar skaner qilinib, “pdf” formatida saqlangan nusxasi ilova qilinadi.

 

O‘quvchining chet elda ta’lim olganini tasdiqlovchi hujjat (davlat nomi, o‘qigan maktabi nomi, o‘qigan yillari, o‘qigan sinflari, o‘rganilgan fanlar va imtihonlarda olingan baholar (ballar) ko‘rsatilgan ma’lumot) va uning davlat tiliga notarial tasdiqlangan tarjimasi;

 

10-11-sinflarga qabul qilinadigan o‘quvchilar uchun xorijiy davlatda tayanch o‘rta ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatning O‘zbekiston Respublikasida tan olingani to‘g‘risida ma’lumotnoma;

 

o‘quvchining chet elda ta’lim olganini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmagan taqdirda, Bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasining o‘quvchini majburiy ta’limga jalb qilish bo‘yicha qaroridan ko‘chirma.

 

19.4. Ariza beruvchi so‘rovnomaga kiritilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirib, so‘rovnomani tasdiqlaydi.

 

19.5. So‘rovnoma ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan so‘ng DXM yoki YIDXP yoxud MMTV portali orqali avtomatik tarzda umumiy o‘rta ta’lim muassasasiga yuboriladi.

 

19.6. Umumiy o‘rta ta’lim muassasasi so‘rovnomani uch ish kunida ko‘rib chiqadi.

 

19.7. So‘rovnomani ko‘rib chiqish natijasiga ko‘ra umumiy o‘rta ta’lim muassasasi o‘quvchini qabul qilish yoki sababi aniq ko‘rsatilgan holda qabul qilishni rad etish to‘g‘risida ma’lumotni DXM yoki YIDXP yoxud MMTV portali orqali ariza beruvchiga yuboradi.

 

19.8. Quyidagi hollarda bolani umumiy o‘rta ta’lim muassasasiga qabul qilish rad etilishi mumkin:

 

so‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilganda;

 

19.3-bandda ko‘rsatilgan hujjatlar ilova qilinmaganda;

 

umumiy o‘rta ta’lim muassasasida (qabul qilinadigan sinfda) bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lmagan taqdirda.

 

Boshqa holatlarda o‘quvchini umumiy o‘rta ta’lim muassasasiga qabul qilish rad etilishi mumkin emas.

 

19.9. Ariza beruvchi farzandlarining umumiy o‘rta ta’lim muassasasi qabul qilish yoki sababi ko‘rsatilgan qabul qilishni rad etish to‘g‘risida ma’lumotni YIDXP yoki MMTV portali orqali avtomatik tarzda tizimdan yuklab oladi.

 

Davlat xizmatlari markazi ma’lumotnoma kelib tushgandan so‘ng 10 daqiqa mobaynida uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchini bu haqida axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.

 

Davlat xizmatlari markazi ariza beruvchi shaxsan kelib murojaat qilgan taqdirda, unga ma’lumotnomani ariza beruvchining so‘roviga ko‘ra elektron shaklda yoki qog‘oz shaklda berishi shart.

 

19.10. Ariza beruvchi uch ish kunida 193-bandda ko‘rsatilgan hujjatlarning va o‘quvchining sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnomaning aslini farzandi qabul qilingan umumiy o‘rta ta’lim muassasasiga taqdim etadi.

 

19.11. Umumiy o‘rta ta’lim muassasasi tomonidan murojaati rad etilgan ariza beruvchi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etgan holda qayta murojaat qilishi mumkin.

 

19.12. Umumiy o‘rta ta’lim muassasasi o‘quvchining chet elda o‘qigan ta’lim dasturi maktabning o‘quv dasturlariga mos kelish-kelmasligini aniqlaydi hamda fanlar bo‘yicha aniqlangan farqlarni joriy yoki navbatdagi o‘quv yilida bartaraf etish choralarini ko‘radi.”;

Mazkur buyruq 2025-yil 1-sentyabrdan e’tiboran kuchga kiradi.