‘‘Oliy va o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlarida o‘qitishning to‘lov-kontrakt shakli va undan tushgan mablag‘larni taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi’’ nizomga ko’ra, oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qitish uchun kontrakt ikki yoki uch tomonlama rasmiylashtirilishi mumkin.
Uning taraflari quyidagilar hisoblanadi:
ikki tomonlama kontraktda: bir tomondan — oliy ta’lim tashkilotining vakolatli shaxsi, ikkinchi tomondan — abituriyent yoki talaba yoxud ularning ota-onasi (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar);
uch tomonlama kontraktda: bir tomondan — oliy ta’lim tashkilotining vakolatli shaxsi, ikkinchi tomondan — yuridik yoki jismoniy shaxs (bundan buyon matnda buyurtmachi deb yuritiladi), uchinchi tomondan — abituriyent yoki talaba yoxud ularning ota-onasi (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar).
Kontraktda shartnomaning bajarilish muddatlari, hisob-kitob qilish tartibi, taraflarning huquqlari va majburiyatlari, shartnoma majburiyatlari bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda taraflar uchun vujudga kelishi mumkin bo‘lgan huquqiy oqibatlar, nizolarni hal etish tartibi hamda taraflarning rekvizitlari, shartnoma tuzilgan sana va joy hamda boshqa muhim shartlar nazarda tutilishi lozim.
Kontraktlar Davlat komissiyasining abituriyentlarni kontrakt asosida talabalikka tavsiya etish to‘g‘risidagi qarori (bundan buyon matnda Davlat komissiyasining qarori deb yuritiladi) qabul qilinganidan so‘ng rasmiylashtiriladi.
Davlat komissiyasining qaroriga asosan talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarni mazkur Nizomda belgilangan tartibda kontraktda nazarda tutilgan tegishli to‘lovlar amalga oshirilguniga qadar yoki abituriyentlarni talabalikka qabul qilish bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotining buyrug‘i qabul qilingunga qadar oliy ta’lim tashkilotining tegishli buyrug‘iga asosan darslarda qatnashib turishiga ruxsat etiladi.
Tegishli komissiyalar tomonidan belgilangan tartibda o‘qishini ko‘chirishga yoki qayta tiklashga tavsiya etilgan talabalarni ham mazkur Nizomda belgilangan tartibda kontraktda nazarda tutilgan tegishli to‘lovlar amalga oshirilguniga qadar oliy ta’lim tashkilotining tegishli buyrug‘iga asosan darslarda qatnashib turishiga ruxsat beriladi.
Oliy ta’lim tashkilotlarida kontrakt asosida o‘qitishning to‘lov miqdori bilim sohalari, soha va ta’lim yo‘nalishlari, ta’lim shakllari (ishlab chiqarishdan ajralgan yoki ajralmagan holda) va ta’lim bosqichlari (bakalavriat, magistratura, ikkinchi va undan keyingi ta’lim) bo‘yicha alohida, har o‘quv yili uchun belgilanadi.
Oliy ta’lim tashkilotlarida kontrakt asosida o‘qitishning to‘lov miqdorini belgilash bir talabani o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar miqdoridan kelib chiqib amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, kontrakt to’lovi shartnomada ko’rsatilgan vaqtgacha belgilangan miqdori to’lanishi kerak.
