Ichki ishlar vazirligi akademiyasida masofaviy ta’lim shakli joriy etiladi

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida masofaviy ta’lim shakli joriy etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3216-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

 

Yangi tahrirga koʻra, qarordagi (a) 2-bandning uchinchi va to‘rtinchi xatboshilari quyidagicha bayon etilishi belgilandi;

 

2025/2026 o‘quv yilidan boshlab Akademiyada ichki ishlar organlarida kamida uch yillik ish stajiga ega bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlari uchun masofaviy ta’lim shakli joriy etilib, unda o‘qitilish muddati oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar uchun to‘rt yil, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar uchun to‘lov-kontrakt asosida uch yilni tashkil etadi.

 

Akademiya kunduzgi ta’lim shakliga har yillik qabul kvotasi 2025/2026 o‘quv yilidan 900 kishini, 2026/2027 yildan boshlab 1 100 kishini, masofaviy ta’lim shakliga esa 400 nafar ichki ishlar organlari xodimlarini tashkil etadi.

 

Shuningdek, (b) 6-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilishi belgilandi:

 

Akademiyaning bakalavriat dasturi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shakliga qabul kvotasining 80 foizi bo‘yicha qabul faqat idoraviy akademik litseylar, harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlari orasidan amalga oshiriladi (“Raqamli texnologiyalar sohasida kiberjinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha qabul bundan mustasno)”.