Prezidentning farmoniga asosan, 2024/2025-oʻquv yilidan boshlab Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan taʼlim kreditlari faqat kunduzgi taʼlim shaklida oʻqiyotgan talabalarga ajratiladi.
Kredit miqdori va kimlarga ajratiladi?
Birinchi bosqich talabalari uchun ta’lim krediti bir yillik kontrakt summasigacha beriladi.
Ikkinchi va undan yuqori kurslarda o‘qiyotgan talabalar uchun esa, agar fanlarni oʻzlashtirishning oʻrtacha koʻrsatkichi “3” dan past boʻlgan taqdirda toʻlov-kontrakt summasining koʻpi bilan 80 foizi miqdorida ajratiladi. 3 va undan yuqori bo‘lgan taqdirda va (yoki) “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalarning ta’lim olayotgan a’zolari uchun ta’lim krediti to‘lov-kontrakt summasi miqdorida beriladi.
Kimlar ta’lim kreditini olmaydi?
Ta’lim krediti super-kontrakt asosida o‘qiyotganlar, shuningdek, kechki, masofaviy ta’lim shakllarida o‘qiyotgan talabalar uchun berilmaydi. Bundan tashqari, xorijda joylashgan OTMlarda o‘qish uchun ham ta’lim krediti ajratilmaydi. HEMIS dasturiga ulanmagan xususiy OTMlarning talabalariga ta’lim krediti berilmaydi.
Kafillik talablari
Kredit olish uchun odatda doimiy daromadga ega bo‘lgan oila a’zolari — ota-ona, aka-uka, opa-singil yoki turmush o‘rtog‘i kafillik qilishi kerak. Boshqa shaxslar ham kafillik qilishi mumkin, ularning qarindosh bo‘lishi shart emas. Shuni alohida ta’kidlash joizki, ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalarning farzandlariga ta’lim krediti berishda garov va kafillik talab qilinmaydi.
Kreditni qaytarish shartlari qanday?
Ta’lim krediti o‘qish muddati tugagandan so‘ng, yettinchi oyidan boshlab 7 yil ichida qaytarilishi lozim. Kreditning foizi yigitlar uchun Markaziy bankning asosiy stavkasi darajasida belgilanadi. Qizlar uchun esa kredit foizsiz, ya’ni 0% miqdorida beriladi. Agar Markaziy bankning asosiy stavkasi kamayadigan bo‘lsa, ta’lim kreditining foizi ham pasayadi, ammo stavka oshsa, kredit foizi oshirilmaydi.
Fuqarolik va kerakli hujjatlar
Ta’lim krediti faqat O‘zbekiston fuqarolari uchun mo‘ljallangan. Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga esa banklar tijoriy shartlarda kredit berishi mumkin.
Kredit olish uchun talab qilinadigan hujjatlar quyidagilar: ariza, talaba va ta’lim muassasasi o‘rtasidagi shartnoma (kontrakt), kredit qaytarilishi uchun kafillik yoki garov hujjati, ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilganlik haqidagi ma’lumotnoma (agar mavjud bo‘lsa), shuningdek bank tomonidan qo‘shimcha talab etiladigan boshqa hujjatlar.
Ariza berish tartibi
Ta’lim krediti olish uchun arizalar bankka to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilib yoki my.gov.uz orqali onlayn tarzda olish mumkin.
Bank tomonidan arizalar 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi va kredit shartnomasi imzolanadi. Agar kredit rad etilsa, talabaga bu haqda sabab ko‘rsatilgan yozma javob beriladi.
