Kechki taʼlim shaklida oʻquv jarayonlari tartibi qanday? Oʻqish davomiyligi necha yil?

Kechki taʼlim shaklida oʻquv jarayonlari tartibi qanday? Oʻqish davomiyligi necha yil?

Kechki (smenali) ta’limga talabalarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

 

Kechki ta’limda o‘qish muddati kamida 4,5 yil davom etadi va talabalarga kunduzgi ta’limda tahsil olayotgan talabalarga berilganidek talabalik guvohnomasi va reyting daftarchasi bepul beriladi. Eslatma o’rnida shuni aytib o’tish joizki, kechki ta’lim shaklida tahsil oladiganlar uchun davlat granti berilmaydi va ular grant taqsimotida ham ishtirok eta olmaydi. Ya’ni, talabalar faqat to’lov-kontrakt asosida o’qishga qabul qilinadi.

 

Qarorda, kechki ta’lim talabalari oliy ta’lim muassasasining barcha o‘quv jihozlari, auditoriyasi, laboratoriyasi, kutubxonasi, axborot-resurs markazlari hamda o‘quv-yordamchi tuzilmalari xizmatidan bepul foydalaninishi belgilangan.

 

Ushbu ta’lim shaklida oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga qarab bir o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni nisbati kunduzgi ta’lim bilan bir xil nisbatda belgilanadi.

 

Kechki (smenali) ta’lim talabalarini talabalar safidan chetlashtirish va o‘qishini qayta tiklash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.

 

Eslatma! Kechki (smenali) ta’limdan sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limga hamda kechki (smenali) ta’limning bir ta’lim sohasidan ikkinchisiga ko‘chirishga ruxsat berilmaydi.

 

Kechki ta’lim shaklida ham o‘quv jarayoni ta’lim sohalarining davlat ta’lim standartlari va tegishli ta’lim yo‘nalishlari malaka talablari asosida tayyorlangan hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan kunduzgi ta’lim uchun tasdiqlangan o‘quv rejasi va fan dasturlari asosida tashkil etiladi. O‘quv jarayoni bir o‘quv yilida ikki semestrli bo‘lib, o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish kunduzgi ta’lim bilan bir xil tartibda tashkil etiladi.

 

Ammo, kechki ta’limda o‘qish (kunduzgi ta’limdan farqli ravishda) bir haftada, odatda, besh kun amalga oshiriladi va haftalik o‘quv soati hajmi 20 akademik soat qilib belgilanadi.