Eco-Schools loyihasi O‘zbekistondagi yana 500 ta maktabni qamrab oladi

Eco-Schools loyihasi O‘zbekistondagi yana 500 ta maktabni qamrab oladi

Yil oxirigacha O‘zbekiston bog‘chalarida “ekobekatlar” joriy etiladi, 2025/2026 o‘quv yilida esa Eco-Schools loyihasi yana 500 ta maktabni qamrab oladi, dedi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova. Shuningdek, barcha ta’lim muassasalari chiqindi yig‘ish konteynerlari bilan jihozlanadi.

 

O‘zbekiston maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida prezidentning o‘sib kelayotgan avlodda ekologik madaniyatni shakllantirish bo‘yicha topshirig‘i haqida gapirdi.

 

“Ekologik madaniyatni shakllantirish — maktab yoshidan emas, balki bolalikdan, bog‘chadan boshlab, bolalarda tabiatga muhabbat, chiqindi tashlamaslik, tabiatni asrab-avaylash va kelajak avlodga bus-butun yetkazish ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha qator topshiriqlar berildi”, — dedi vazir.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimida amaliy ishlar allaqachon boshlangan. “Tabiiy fanlar va tarbiyaviy sikl fanlari dasturlariga ekologiya va tabiatni muhofaza qilish bilan bog‘liq mavzular kiritilgan,” — dedi Karimova.

 

Maktabgacha ta’lim vazirligi rahbari 2025-yil oxirigacha 250 ta bog‘chada “ekobekatlar” loyihasi (maxsus zonalar, o‘quv-ko‘rgazma maydonchalari) amalga oshirilishini, shuningdek, maxsus ekologik maydonchalar jihozlanishini ma’lum qildi. Prezident barcha maktab va bog‘chalarni chiqindi konteynerlari bilan jihozlash bo‘yicha alohida topshiriq berdi.

 

“Shuningdek, vazirlik tizimidagi maktablarda Eco-Schools loyihasi amalga oshiriladi. 2025−2026 o‘quv yilida ushbu loyihani yana 500 ta maktabda joriy etish vazifasi qo‘yildi va bu borada amaliy ishlar boshlab yuborildi”, — dedi u.

 

Eco-Schools — Yafsht tomonidan Ekologik ta’lim jamg‘armasi (FEE, Daniya Qirolligi) bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan xalqaro dastur. Loyihaning maqsadi ekologik mas’uliyatli avlodni tarbiyalash, o‘quvchilarni maktabda barqaror rivojlanish muammolari va atrof-muhitni yaxshilash bo‘yicha xabardorlikni oshirish tadbirlariga jalb qilishdan iborat. Bugungi kunda loyihada O‘zbekistondagi 117 ta maktab ishtirok etib, dasturning 492 nafar ijrochisi — maktab o‘quvchilari va butun mamlakat bo‘ylab 10 000 dan ortiq eko-faollarni birlashtirgan.

 

Olmazor tumani hokimi Azizxon Umarxonov ham ijtimoiy obyektlarga yangi turdagi konteynerlar o‘rnatish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

 

“Sentabr oyiga qadar barcha maktab va bog‘chalarimiz mana shunday zamonaviy maxsus konteynerlar bilan ta’minlanishi kerak va bu topshiriqni bajarish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan”, — dedi tuman hokimi.

 

Avval qabul qilingan 2030-yilgacha aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasida 3,3 mln bog‘cha tarbiyalanuvchisida ekologik madaniyatni shakllantirish ko‘zda tutilgan edi. Dasturda “yashil iste’mol” madaniyatining kundalik qoidalarini targ‘ib qiluvchi ekologik mavzudagi multiplikatsion va animatsion filmlar yaratish rejalashtirilgan.