Bir abituriyent oʻrniga boshqasi OTMga kirsa boʻladimi?

Bir abituriyent oʻrniga boshqasi OTMga kirsa boʻladimi?

Kvota doirasida talabalikka qabul qilingan, biroq oʻqishni xohlamagan abituriyentlarning oʻrni boʻsh qoladi. Oʻqimaydigan, lekin talabalikka qabul qilingan abituriyentdan keyingi test topshirganlar yuqoriga koʻtarilmaydi.

 

 

Agar qabul chizigʻidan pastdagi abituriyentlar talaba boʻlishni xohlasa, unda super-kontrakt variantini tanlashiga toʻgʻri keladi. 2025-2026 o‘quv yili uchun super-kontrakt narxi va tartiblari hozircha tasdiqlangani yo‘q. Tasdiqlangach, bu haqda qo‘shimcha xabar beramiz.

 

 

Super-kontrakt bilan bir qatorda oddiy kontrakt ham qo‘shib to‘lanadimi?

 

Birinchi yili faqat super-kontrakt summasi to‘lanadi, oddiy (bazaviy) kontrakt qo‘shib to‘lanmaydi. Ikkinchi yildan boshlab esa faqat oddiy kontrakt to‘lanadi, super-kontrakt to‘lanmaydi.

 

Super-kontrakda o‘qishni xohlaganlar qaysi muddatgacha ariza berishi kerak?

 

Hali super-kontrakt uchun arizalar qabul qilinmayapti. Ertagayoq OTMga yugurib borishingiz shart emas. Arizani sentyabr oyida, o‘qishlar boshlangach onlayn berasiz.

 

Talabgorlar to‘plangan ballga qarab tartibga solinadi, yaʼni avval yuqori ball to‘plaganlarga imkon beriladi.

 

Ariza berish uchun OTMga borish kerakmi?

 

3 yildan buyon super-kontrakt uchun arizalar onlayn qabul qilinadigan bo‘ldi. Siz uyingizdan chiqmagan holda internet orqali ariza yuborasiz. Buning uchun OTMga kelish shartmas. Ariza qabul qilinadigan sayt ishga tushgach, qo‘shimcha xabar qilinadi.

 

O‘qishga kirganlar boshqa yo‘nalishga super-kontraktni tanlay oladimi?

 

Masalan, birinchi va ikkinchi yo‘nalishga balli yetmadi, lekin uchinchi yo‘nalishga o‘qishga kirdi. Abituriyent uchinchi yo‘nalishda o‘qishni istamay, birinchi yoki ikkinchi yo‘nalishda super-kontraktda o‘qiy oladimi?

 

Bu masala hozircha ochiq turibdi, joriy yilgi tartib tasdiqlanmagan.