Bilim va malakalarni baholash agentligining mandat.uzbmb.uz saytida imtiyozli toifadagi abituriyentlar uchun o‘tish ballari e’lon qilindi. Joriy yilda, avvalroq taxmin qilganimizdek, tavsiyanoma olgan ehtiyojmand xotin-qizlar uchun o‘tish ballari keskin pasayganini ko‘rish mumkin.
Bunga asosiy sabab joriy yil ushbu toifa uchun kvota 2 baravar oshirilgani bo‘ldi. Ya’ni avvalgi yillarda 2 mingta kvota berilar edi, joriy yilda 4 mingta kvota berildi.
Bundan tashqari joriy yilda kvotalar taqsimoti sohalar kesimida ham o‘zgardi, ball yuqori va talab katta bo‘lgan tibbiyot sohasi uchun ko‘proq joy ajratildi.
Eng katta farq Sirdaryo viloyatida tibbiyot sohasi uchun bo‘lgan — naq 80,1 ball tushgan. 2024-yilda Sirdayo viloyatidan tavsiyanoma olgan qizlar uchun tibbiyot sohasiga o‘tish bali 158,3 ball edi, joriy yilda 78,2 ballni tashkil etgan.
Keyingi o‘rinlarda quyidagi hududlar uchun o‘tish ballari keskin kamaygan:
Navoiy (tibbiyot) — -77,8 ball;
Surxondaryo (tibbiyot) — -49,4 ball;
Jizzax (tibbiyot) — -46,2 ball.
O‘z navbatida ayrim hududlarda o‘tish ballari oshgan ham. Masalan, Toshkent shahri uchun boshqa sohalar kategoriyasida o‘tish bali o‘tgan yilgiga qaraganda 34,5 ballga oshgan. Bunga asosan filologiya va xorijiy tillarni o‘qitish sohasidagi yuqori ballar sabab bo‘lgan.
Nima uchun tavsiyanomasi bor xotin-qizlarga ball qo‘shilmadi?
Hamma imtiyozlar hisoblangan, agar abituriyent o‘qishga kira olmagan bo‘lsa, demak to‘plagan balli yetmagan.
Eslatma! Bu imtiyoz (tavsiyanoma) hech qanaqa ball qo‘shib bermaydi. Shuningdek, xotin-qizlar tavsiyanomasi bor abituriyentlar 100% o‘qishga kiradi, degani emas. Buning uchun yetarli ball ham olish kerak edi.
Tavsiyanoma olgan xotin-qizlar uchun 2025-yilgi o‘tish bali yuqoridagi suratda ko‘rsatilgan. Mana shu balldan kam olganlarga imtiyoz qo‘llanmagan.

