Endi 1-kursga qabul qilinganlar ham OTMlar yotoqxonalariga joylashish uchun ariza topshirishlari mumkin

Endi 1-kursga qabul qilinganlar ham OTMlar yotoqxonalariga joylashish uchun ariza topshirishlari mumkin

Yakuniy mandat natijalari chiqdi va talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar ma’lumotlari  “Talabalar turar joyi axborot tizimi”ga yuklash ishlari olib borilmoqda. Shuning uchun endi birinchi kurs bo’ladigan talabalar ham talabalar turar-joylari uchun ariza berishlari mumkin.

 

Eslatma! Agar o’qishga qabul qilingan bo’lsangiz-u, yotoqxona uchun hujjat topshirishda muammo bo’lsa, sizning ma’lumotlaringiz hali “Talabalar turar joyi axborot tizimi”ga yuklanmagan bo’ladi. Ya’ni, bir-ikki kunda ariza berishingiz mumkin. Ma’lumot uchun, talabalar yotoqxonasi uchun ariza berish o’quv yili oxirigacha davom etadi.

 

Endilikda, 1-kurs talabalari davlat OTMlarining yotoqxonalariga joylashish uchun Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali elektron ariza yuborishlari mumkin.

 

 

Shuningdek,  quyidagi toifadagi talabalar ustuvorlik asosida talabalar turar joylariga qabul qilinadi:

–   “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan talabalar;

 

 

–   “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”da turadigan talabalar;

 

 

–   I va II guruh nogironligi boʻlgan talabalar;

 

 

–   bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi taʼlim shaklida ikki yoki undan ortiq toʻlov-shartnoma asosida oʻqiyotgan oilalar farzandlari;

 

 

 – xalqaro fan olimpiadalari, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan respublika fan olimpiadalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan talabalar;

 

 

–  “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” koʻrik-tanlovlarining respublika bosqichi gʻolibi boʻlgan talabalar;

 

 

–   oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida oʻtkazilgan “Zakovat” intellektual oʻyinining respublika bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan talabalar.

 

 

Bundan tashqari, ayrim talabalar  yotoqxona to‘lovidan qisman yoki to’liq ozod etilishi mumkin.

 

 

Quyidagilar yotoqxona to‘lovidan to’liq ozod etiladi:

 

— ko‘z kasalliklari bo‘yicha 1-2-guruh nogironligi borlar;
— chin yetimlar (ota-onasining har ikkisi vafot etgan) va yetimlar (ota-onalaridan biri vafot etgan);
— mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari;
— ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar.

 

 

Quyidagilarga umumiy to‘lovdan 50 foiz chegirma beriladi:

 

— umumiy kasalliklar bo‘yicha 2-guruh nogironligi borlar;
— vazifasini namunali bajarayotgan talabalar Kengashi raisi, qavat sardori hamda yotoqxona kutubxonasi uchun mas’ul talabalar.