Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Marhamatdagi 42-maktab o‘qituvchilari muassasani ta’mirlayotgani aks etgan video tarqaldi. Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining bayonotiga ko’ra, bu holat pedagoglar tomonidan “ixtiyoriy hashar” shaklida o‘tkazilgan.
Videoda ta’mir ishlarini faqat ayol o’qituvchilar amalga oshirayotgani, shuningdek, ularning ayrimlari ingliz va rus tili, matematika o‘qituvchilari ekanligi aytilgan. Pedagoglarning ba’zilari devor va shiftni bo‘yagan bo‘lsa, ayrimlari pol qismini artib, stol tashiganini ko‘rish mumkin.
MTTBga ko‘ra, maktab jamoasi suhbatda ushbu hasharni “ixtiyoriy ravishda” o‘tkazishganini aytishgan. Biroq Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining ma’lum qilishicha, o‘qituvchilarning ta’mirlash ishlariga majburiy jalb qilingani holati o‘z tasdig‘ini topgan.
O‘rganish davomida maktab direktori o‘z vakolatidan foydalanib, pedagoglarni ta’mirlashga majburiy chaqirgani, aks holda, ularga dars soatlari kam tasdiqlanishini aytgani aniqlangan.
Maktab direktori Z.Mamajonovaga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) 2-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida (41 mln 200 ming so‘m) jarima qo‘llangan.
Pedagoglarni o‘z lavozim majburiyatidan tashqari ishlarni bajarish holatini nazoratga olmagani sababli maktab direktori egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
