Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi “O‘quv ta’lim-ta’minot” davlat muassasasi tomonidan 2021-2022 yillar mobaynida “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida respublika byudjeti hisobidan xarid qilingan kompyuter va boshqa vositalar Farg‘ona, Namangan, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlariga yetkazib berilishi kerak bo‘lgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga ma’lumotiga ko‘ra, shartnomada ko‘rsatilgan talablar to‘liq bajarilmagani aniqlangan.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent shahar boshqarmasi tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib borib, bir nechta holatlarni aniqlagan.
Unga ko‘ra, “O‘quv ta’lim-ta’minot” DM va “Smart Sales Leader” MChJ o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan, jamiyat tomonidan yetkazib berilishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha elektron vositalar yetkazib berilmagan va jami 919 mln 360 ming so‘m miqdordagi byudjet mablag‘lari o‘zlashtirilgan.
Hozirda holat yuzasidan boshqarma tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘z izohida bu 2021-yildagi holat ekaniga e’tibor qaratdi. Vazirlikning eslatishicha, 2021-yil oxirida Xalq ta’limi vazirligi o‘rniga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashkil etilgan. “O‘quv ta’lim-ta’minot” davlat muassasasi tugatilib, “Ta’minot va logistika xizmati” DUK tashkil etilgan.