2025-yil 1-sentyabrdan boshlab Qozog‘istonning barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida, jumladan xususiy maktablarda ham tarbiyaviy ishlar “Adol azamat” (Halol fuqaro) nomli yagona dastur asosida olib boriladi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Ta’lim vazirligi ma’lum qildi.
Dastur 2025-yil 26-may kuni Ta’lim vazirligining 123-sonli buyrug‘i bilan rasman tasdiqlangan bo‘lib, uni Y. Altynsarin nomidagi Milliy ta’lim markazi muvofiqlashtirishi rejalashtirilgan.
Yangi tarbiyaviy platforma ilgari amal qilgan “Birtutas tarbiya” dasturining mantiqiy davomi bo‘lib, u Qozog‘iston Prezidenti ilgari surgan konsepsiya — “Halol fuqaro – halol mehnat – halol daromad” g‘oyasiga asoslanadi.
Nima yangiliklar kutmoqda?
Tarbiyaning yagona standarti: endilikda davlat maktablari bilan bir qatorda xususiy maktablar ham umumiy tarbiyaviy standartlarga amal qilishi shart bo‘ladi.
Milliy qadriyatlarga mos muhit: har bir maktabda ichki va tashqi muhit — dizayn, devoriy bezaklar, axborot burchaklari milliy tarbiya qadriyatlarini aks ettiradigan tarzda jihozlanadi.
Hamkorlik kengaytiriladi: tarbiyaviy ishlar faqat maktab bilan cheklanmaydi. Endilikda mahalliy hokimliklar, huquqni muhofaza qilish organlari, sog‘liqni saqlash hamda ichki siyosat idoralari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Tarbiyaviy ishlar qanday shakllarda o‘tkaziladi?
Har oyda belgilangan mavzular (masalan: adolat, mehnatsevarlik, vatanparvarlik) asosida:
– darslar,
– darsdan tashqari mashg‘ulotlar,
– milliy o‘yinlar,
– “O‘rnakli 15 daqiqa” tarbiyaviy suhbatlari,
– kuy shaklidagi qo‘ng‘iroqlar kiritiladi.
Yangi tarbiyaviy dastur orqali Qozog‘iston maktablarida nafaqat bilim, balki shaxsiy fazilatlar, mehnatsevarlik, adolatparvarlik, vatanparvarlik kabi insoniy qadriyatlar ham tizimli shakllantirilishi kutilmoqda.
