Vazirlar Mahkamasining 8-iyuldagi qarori bilan O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim tashkiloti pedagogining kasbiy standarti tasdiqlandi.
Qarorda qayd etilishicha, prezidentning 2024-yil 30-sentyabrdagi farmonida maktabgacha ta’lim tashkiloti pedagogining shaxsiy fazilatlari, kasbiy bilimlari, malaka va ko‘nikmalariga qo‘yiladigan asosiy talablarni belgilaydigan kasbiy standartlarni tasdiqlash belgilangandi.
Kasbiy standartda quyidagilar nazarda tutiladi:
– maktabgacha ta’lim tashkiloti pedagogining kasbiy standarti tamoyillari;
– maktabgacha ta’lim tashkiloti pedagogining kasbiy standartini maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatida qo‘llash tartibi;
– maktabgacha ta’lim tashkiloti pedagogining ko‘rsatkichlar bo‘yicha talab qilinadigan bilim va ko‘nikmalari.
Pedagog quyidagilar orqali bilim, ko‘nikma va malakalarga ega bo‘ladi:
– kasbiy yoki oliy ta’lim tashkilotlarining tegishli ta’lim yo‘nalishlarida o‘qish;pedagogik yoki kasbiy qayta tayyorlash kurslarida ta’lim olish;
– malaka oshirish kurslarida o‘qish;
– ustoz-shogird an’analari asosida tajribali pedagoglar ko‘magida o‘rganish;
– uzluksiz kasbiy rivojlanish tadbirlarida ishtirok etish.
Kasbiy standart bolani rivojlantirish dasturlari hamda pedagogika va psixologiya sohasida to‘plangan tajribalardan kelib chiqqan holda quyidagi asosiy tamoyillarga asoslanadi:
– bolani parvarish qilish, rivojlantirish va tarbiyalash uchun muhit yaratish;
– har bir bolaning o‘ziga xosligini, his-tuyg‘ularini va fikrlarini qabul qilish;
– ta’lim-tarbiya jarayonida bolaning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash;
– inklyuziv ta’limni tashkil etishdagi mas’uliyatni anglatish;
– interfaol metodlarni qo‘llash, qiziquvchanlik va izlanishlarni rag‘batlantirish;
– bolalar bilan bog‘liq o‘zari ijtimoiy munosabatlarda maktabgacha ta’lim tashkiloti, oila va mahalla hamkorligini yo‘lga qo‘yish.
Pedagog quyidagi ko‘nikmalarga ega bo‘lishi lozim:
– shaxsiy rivojlanish;
– tahliliy va tanqidiy fikrlash;
– tinglash va kuzatish;
– hamkorlik qilish;
– nizolarni va ziddiyatlarni hal qilish.
Ushbu Kasbiy standart talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
