Endi maktab bitiruvchilariga kasb-hunar sertifikati ham beriladi

Endi maktab bitiruvchilariga kasb-hunar sertifikati ham beriladi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2025-yil 14-iyuldagi 3647-sonli qarori qabul qilindi.

 

 

Ushbu qarorga ko‘ra, maktab bitiruvchilari o‘rgangan kasb-hunarlari bo‘yicha amaliy imtihon topshiradi va elektron sertifikatga ega bo‘ladi.

 

 

Bu qanday ishlaydi?

 

 

10–11-sinfda o‘qiyotgan o‘quvchilar belgilangan kasbiy ta’lim yo‘nalishida bilim va ko‘nikmalarni egallaydi. 11-sinf yakunida esa ular o‘z yo‘nalishi bo‘yicha amaliy imtihonda ishtirok etadi. Ushbu imtihon maktabning o‘zida yoki kasbiy hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkaziladi. Har bir o‘quvchi 100 ballik tizim asosida baholanadi. Imtihonda 56 yoki undan ko‘proq ball to‘plagan bitiruvchilarga maxsus elektron platforma orqali bepul, davlat tasdig‘idan o‘tgan sertifikat beriladi.

 

 

Sertifikatni olish uchun hech qanday to‘lov talab qilinmaydi. Sertifikat maxsus platforma orqali yuklab olinadi va rasmiy imzo bilan tasdiqlanadi. Bu hujjat o‘quvchining maktab davrida nafaqat nazariy bilim, balki amaliy kasb ko‘nikmalarini ham egallaganini tasdiqlaydi.

 

 

Muhim sanalar:

 

25-iyungacha – barcha baholar platformaga kiritiladi.
30-iyungacha – asosiy toifadagi bitiruvchilarga sertifikatlar beriladi.
10-iyulgacha – qayta topshirganlarga sertifikatlar topshiriladi.

 

 

Sertifikat qanday ko‘rinishga ega?

 

 

Davlat gerbi bilan rasmiy formatda, ikki tilda (o‘zbek va ingliz). Kasb yo‘nalishi, o‘qigan maktab, o‘qitilgan soatlar va boshqa asosiy ma’lumotlar keltiriladi. Maktab direktori va kasbiy ko‘nikmalar markazi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.

 

 

Imtihon natijalaridan norozi bo‘lganlar-chi?

 

 

Apellyatsiya komissiyasiga yozma shikoyat topshirish mumkin. Ariza shu kunning o‘zida ko‘rib chiqiladi va hal qilinadi.

 

 

Bu qaror o‘quvchilarning nafaqat bilim, balki real kasb ko‘nikmalariga ega bo‘lishini ta’minlaydi. Bitiruvchilarga maktabni bitirish bilan birga kasbiy sertifikat berilishi ularning kelgusidagi ish faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.