2025-yilning 11-iyul kunidagi PQ-222 son ‘‘O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida’’gi qaroriga ko‘ra, mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan chora-tadbirlarni amalga oshirishda bir necha yo‘nalishlarga e’tibor qaratilishi qayd etilgan.
Unga ko‘ra, ta’lim sohasidagi oʻzgarishlar, maktabgacha taʼlim tizimida qamrov 2017-yilda 27 foizdan hozirgi paytda 77 foizga, oliy taʼlimda esa 9 foizdan 42 foizga yetgani, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar va Prezident maktablari kabi yangi modeldagi maktablar tizimi paydo boʻlgani;
Sogʻliqni saqlash, ilm-fan, IT, madaniyat, adabiyot va sanʼat sohalari rivojiga ham katta eʼtibor berilayotgani, Parij Olimpiadasi va Paralimpiadasida sportchilarimiz ilk bor kuchli oʻn beshtalikdan joy olgani, futbol boʻyicha 17 yoshgacha oʻsmirlar jamoamiz, shuningdek, milliy terma jamoamiz Oʻzbekiston tarixida birinchi marta jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritgani;
“Yoshlar – Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” degan shior ostida navqiron avlodimizning zamonaviy bilim va kasb-hunarlar, ona tili bilan birga xorijiy tillarni, IT texnologiyalarini egallashlari, tadbirkorlik bilan shugʻullanishlari, isteʼdod va qobiliyatlarini roʻyobga chiqarishlari uchun har tomonlama qulay shart-sharoit yaratib berilayotgani, bunga javoban oʻgʻil-qizlarimiz turli sohalarda dastlabki yutuqlarni qoʻlga kiritayotgani kabi yo‘nalishlarga e’tibor qaratiladi.
