2025/2026-o’quv yili uchun ikkinchi va undan keyingi taʼlim (ikkinchi mutaxassislik) uchun talabgorlarni onlayn roʻyxatdan oʻtkazish my.edu.uz portali orqali 10-iyuldan 10-avgustga qadar davom etadi.
Bunda nomzodlar platformada:
– o‘zining shaxsiy ma’lumotlarini kiritadi;
– diplom va uning ilovasi elektron nusxasini yuklaydi;
– oʻqimoqchi bo‘lgan oliy taʼlim muassasasi va taʼlim yoʻnalishini tanlaydi.
Ikkinchi mutaxassislikka grant mavjudmi?
Ikkinchi mutaxassislikka o‘qish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Ya’ni oliy ta’lim muassasalari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari xususiyatidan kelib chiqib, ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim uchun to‘lov-kontrakt miqdori bir talabani o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar miqdoridan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasasi kengashi tomonidan belgilanadi.
Ikkinchi mutaxassislikka noturdosh yo‘nalishda o‘qisa bo‘ladimi?
Ikkinchi mutaxassislikka o‘qishga kirishda bakalavr diplomining qaysi yo‘nalishda ekanligi muhim emas. Masalan, tarix yo‘nalishini tamomlab, matematika bo‘yicha ikkinchi mutaxassislikni tanlash mumkin.
O‘qish muddati necha yil davom etadi?
Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limda o’qish 2-kursdan boshlanadi. Shunda talaba umumiy 3 yil o’qiydi.
Kirish imtihonlari qay tartibda bo‘ladi?
Ikkinchi mutaxassislikka qabul qilish tartibi (kirish imtihoni shakli, baholash mezonlari, imtihon o‘tkazish muddatlari) oliy ta’lim muassasasining xususiyatidan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasasi kengashi tomonidan belgilanadi. Har yili 1-iyulga qadar oliy ta’lim muassasasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. Ayrim hollarda, talabgorlar suhbat orqali qabul qilinishi yoki imtihonsiz o‘qishga kirishi mumkin.
