AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova joriy yilgi qabul jarayonlariga oid bir qancha ma’lumotlarni ochiqladi.
Ma’lum qilinishicha, Joriy yilgi kirish imtihonlariga qatnashish uchun jami 732 ming 411 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Bu ko’rsatkich oxirgi 7 yildagi abituriyentlar soniga qarasak, joriy yilda ro‘yxatdan o‘tganlar eng kam miqdorni tashkil etgan:
2019-yil — 1 mln 66 ming 925 nafar;
2020-yil — 1 mln 484 ming 85 nafar;
2021-yil — 948 ming 211 nafar;
2022-yil — 1 mln 214 ming 232 nafar;
2023-yil — 1 mln 18 ming 7 nafar;
2024-yil — 894 ming 279 nafar;
2025-yil — 732 ming 411 nafar.
Nazokat Abduqunduzovaning xabar berishicha, 671 397 nafar abituriyentga testga kirish uchun ruxsat berilgan. 60 mingdan ko’proq abituriyentning arizasi esa, to’lov qilmagani uchun bekor qilingan.
Shundan 426 685 nafari (63,6 %) joriy yil bitiruvchilari, 244 712 nafari (36,4 %) esa oldingi yillar bitiruvchilari hisoblanadi.
Abituriyentlarning 53,8 foizini (361 019 nafar) xotin-qizlar, 46,2 foizini (310 378 nafar) erkaklar tashkil etdi.
Alohida iqtidor talab etiladigan yo‘nalishlarga 39 307 nafar abituriyent hujjat topshirgan.
