Rossiya Bosh prokuraturasi AQSHning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lgan Yel universitetini “nomaqbul tashkilotlar” ro‘yxatiga kiritdi.
Rasmiy bayonotga ko‘ra, ushbu universitet faoliyati Rossiyaning hududiy yaxlitligini buzish va davlatga nisbatan xalqaro blokadani kuchaytirish va uning iqtisodiy asoslarini izdan chiqarishga qaratilgan deb hisoblangan.
Ma’lumot uchun: Yel universiteti — AQSHda Garvard (1636) va Uilyam va Meri kolleji (1693)dan keyin uchinchi eng qadimgi universitet hisoblanadi. Bugungi kunda Yel universiteti tarkibiga bakalavriat (100 dan ortiq yo‘nalishlar), san’at va fanlar oliy maktabi hamda 13 ta professional maktab kiradi. Unda talabalar menejment, xalqaro aloqalar, arxitektura, san’at kabi sohalarda tahsil olishadi.
Yel universiteti AQSHning eng obro‘li “Ivy League” assotsiatsiyasi a’zosi hisoblanadi. Uning bitiruvchilari orasida besh nafar AQSH prezidenti, jumladan, Jorj Bush (ota) va Jorj Bush (o‘g‘il) bor. QS World University Rankings reytingida universitet dunyo bo‘yicha 21-o‘rinda, Forbes reytingida esa AQSHda 4-o‘rinni egallagan. Bitiruvchilarning 10 yildan keyingi o‘rtacha yillik daromadi $168 300 atrofida baholanadi.
