Bugun, 16-iyun kuni AOKA da sirtqi ta’lim shakli tugatilishi yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi. Unda fuqarolar va jamoatchilik vakillari tomonidan kelayotgan savollarga javob berildi.
SAVOL: Hozir 1-bosqichda kunduzgida tahsil olayotgan talaba keyingi o‘quv yilidan o‘qishini sirtqiga ko‘chirsa bo‘ladimi? Yuqori bosqichda o‘qiyotganlar-chi?
JAVOB: Talabalarning arizalariga asosan ularning o‘qishini sirtqi ta’lim shakli mavjud guruhlarga belgilangan tartibda ko‘chirish imkoniyati mavjud. Bunda talabalardan belgilangan muddat va tartibda o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishlari talab etiladi.
SAVOL: Ikkinchi mutaxassislik uchun sirtqi ta’lim shakli saqlanib qolinadimi? Yoki unda ham yopildimi?
JAVOB: 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab ta’limning sirtqi shakliga qabul to‘liq tugatilishi ta’limning barcha yo‘nalishlariga, jumladan, ikkinchi mutaxassislikka ham taalluqlidir.
Shu munosabat bilan, ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha ham sirtqi ta’lim shaklida yangi qabul amalga oshirilmaydi. Ushbu yo‘nalishda ta’lim olishni istovchilar uchun kunduzgi, masofaviy yoki kechki ta’lim shakllarining mavjud ta’lim yo‘nalishlari tavsiya etiladi.
Shu bilan birga, avvalgi yillarda sirtqi ta’lim shaklida ikkinchi mutaxassislikka qabul qilingan shaxslar tahsilni belgilangan tartibda davom ettiradilar.
