O‘zbekistonda Britaniya mutaxassislari tomonidan bolalar uchun ijtimoiy ta’lim dasturlari tashkil etilishi mumkin

O‘zbekistonda Britaniya mutaxassislari tomonidan bolalar uchun ijtimoiy ta’lim dasturlari tashkil etilishi mumkin

O‘zbekiston va Britaniya hamkorligida o‘zbekistonlik bolalarda tanqidiy fikrlash, hissiy savodxonlik, o‘z-o‘zini boshqarish va muammolarni oqilona hal etishga qaratilgan ijtimoiy ta’lim dasturlarini tashkil etish bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

 

Unga ko‘ra, «Think Equal» bilan O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘rtasida hamkorlikda O‘zbekistonda bolalar uchun empatiya va hissiy savodxonlik, o‘z-o‘zini boshqarish, tanqidiy fikrlash va muammolarni oqilona hal etish, kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal qilish va boshqa muhim qobiliyatlarni rivojlantirishga qaratilgan ijtimoiy ta’lim dasturlarini tashkil etish rejalashtirilayotganligi ta’kidlangan.

Qayd etilishicha, o‘quv dasturlar 30 haftalik bo‘lib, har haftada 3 marta 30 daqiqalik darslarni o‘z ichiga oladi. Darslar maxsus illyustratsiyalangan kitoblar, qo‘llanmalar va o‘yinlar orqali o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, «Think Equal» tashkiloti 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy-emotsional ta’lim dasturlarini amalga oshiradi. Dasturlar ayni vaqtda Hindiston, Keniya, Kanada, Avstraliya Janubiy Afrika, Meksika, Singapur, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarning maktabgacha ta’lim muassasalarida hamda maktablarida hamkorlik asosida yo‘lga qo‘yilgan.