Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 50-maktabda yangi ochiladigan to‘rtta 1-sinfning bittasi pulli qilinayotgani to‘g‘risida ota-onalar tomonidan Kun.uz‘ga murojaat kelib tushgan.
Ta’kidlanishicha, ushbu maktab davlat maktabi bo‘lib, unga farzandini bermoqchi bo‘lgan onalar davlat maktabida pulli sinflar ochilayotganidan norozi.
‘‘Tijoriy sinflar o‘tgan yili ochilgan, bu esa ikkinchi yili’’
Maktab direktorini so‘ziga ko‘ra, bunday sinf o‘tgan yili ham ochilgan. Bunda o‘quvchilarga 3 mahal ovqat beriladi va kechgacha qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tiladi. Oylik to‘lov – 2,8 mln so‘m. Butun boshli sinfni “tijoriy” shaklda tashkil etish qonunchilikda yo‘q.
“Bu axir davlat maktabi-ku, nimalar qilishyapti bular? Tajribali sinf rahbarlarining sinflari pulli bo‘larkan, tajribasiz, reytingi pastlariniki esa tekin. Bu toza odam ajratish-ku, axir. Nimalar bo‘lyapti o‘zi? To‘lashga puli yo‘qlarning farzandi yaxshi sinf rahbarida o‘qishga loyiq emas ekan!” – deydi shaxsi sir qolishini istagan murojaatchilardan biri.
Ushbu maktab Toshkent markazida, metroning Amir Temur xiyoboni bekati oldida joylashgan. Kun.uz muxbiri farzandini maktabga bermoqchi bo‘lgan ona sifatida maktab direktori Laziza Arifxonova bilan bog‘langan.
“Tijoriy sinflarni ochganimizga ikkinchi yil ketyapti. O‘tgan yili birinchisini ochganmiz, bu yil ikkinchi yil. Boshqa maktabda direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelganman, u maktabda ham pulli sinf bor edi, bu tizim ishlayotganiga 4 yil bo‘lyapti. Shu sabab menda bu birinchisi emas.
[1-sinflar uchun] 4 ta sinf ochilyapti, shulardan bittasi – tijoriy sinf. “Kommercheskiy” sinflarning oyiga to‘lovi 2 mln 800 ming so‘mdan, 3 mahal ovqati, darslari, qo‘shimcha mashg‘ulotlari, kechgacha “krujok”lari bilan birga. Robototexnika, chizmachilik, raqs, 2 xil sport, master-klass keladi bularga, keyin ingliz tilidan qo‘shimcha darslar kiritganmiz. Hozir 2-sinfdagi bolalarimizga o‘zbek tilidan qo‘shimcha darslar kiritganmiz – shunaqa qilib har kuni bolalar uchta-uchta mashg‘ulotlar bilan band. Bu ixtiyoriy”, – dedi u.
Shuningdek, maktab direktori sinfxonalar yetishmovchiligi sababli yuqori sinflarda pulli tizim qilinmaganini va bu tizim hozircha faqat boshlang‘ichda borligini qayd etgan.
Laziza Arifxonova maktabga qabul qilish tartibini ham tushuntirdi
“20 iyunda my.maktab.uz bazasi ochiladi. U bazada o‘zingizni, keyin farzandingizni ro‘yxatdan o‘tkazasiz, “propiska” bo‘yicha bolani maktabga joylashtirishingiz kerak. Keyin avgust oyida qo‘shimcha kvota ochiladi, xuddi o‘sha saytning o‘zida asosiy kvotadan keyin qo‘shimcha kvotani tanlab, tumanimiz va 50-maktabni tanlab, navbatga turasiz. Keyin suhbatga kelasizlar. Mikrohududimiz kichkina, shu sabab ota-onalarimizda navbatga turishga bemalol imkoniyat bor”, – dedi u.
Davlat maktabida pulli sinf qilinishi qonunchilikda yo‘q
Hukumatning 2019-yil 22-aprel kunidagi 343-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida pulli ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish tartibi belgilangan. Hujjatga ko‘ra, qo‘shimcha ta’lim berishga qaratilgan pulli ta’lim xizmatlaridan foydalanish ixtiyoriy.
Ushbu nizomning 2-3-4-bandiga ko‘ra, maktablarda tashkil etiladigan qo‘shimcha ta’lim berishga qaratilgan pullik ta’lim xizmatlari maktablarning o‘quv dasturlarida nazarda tutilmagan (davlat ta’lim standartlaridan tashqari) mashg‘ulotlar bo‘yicha maktab direktori va o‘quvchilarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar (keyingi o‘rinlarda buyurtmachi deb ataladi) o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida ko‘rsatiladi.
Maktabning o‘quv dasturlarida nazarda tutilmagan (davlat ta’lim standartlaridan tashqari) mashg‘ulotlar bo‘yicha pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatishga qaratilgan yo‘nalishlar (aniq, ijtimoiy-gumanitar, tabiiy fanlar, to‘garaklar va sport seksiyalari) qonunchilikka muvofiq holda tashkil etiladi.
Maktablarda tashkil etiladigan pullik ta’lim xizmatlariga direktor va pedagoglar tomonidan o‘quvchilarni majburiy tartibda jalb etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Nizomda pulli yoki tijoriy sinflar tushunchasi qayd etilmagan. Ammo Konstitutsiyaning 50-moddasiga ko‘ra, davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olishni kafolatlaydi. Qolaversa, ayni modda O‘zbekiston 1994-yilda ratifikatsiya qilgan “Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya”ning 28-moddasida ham aks etgan.
Davlat maktabiga pulli qabulni qonunchilikka kiritish tashabbusi
Vazirlar Mahkamasining 2019-yilda qabul qilgan qarori asosida, 2019/20-o‘quv yilida Toshkentdagi 81 ta maktabga ixtiyoriy va qisman pulli qabulni tashkil etish ko‘zda tutilgan edi. O‘sha vaqtdagi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov buni shahardagi nufuzli maktablarga mikrohududdan tashqarida yashaydigan bolalarning qabul qilinishidagi korrupsiyani jilovlash maqsadi bilan izohlagan edi.
Bu tashabbus ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘lgach, yangi tartib bekor qilingan. 81 ta talabgir maktabga bolani joylashtirishning antikorrupsion choralarining ijrosini ta’minlash yo‘li topilmaguncha, bu maktablarga qabulda hozircha pul olinmaydi, deya ma’lum qilgandi Shermatov.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2018-2024 yillarda O‘zbekistonda xususiy maktablarda o‘qiyotgan o‘quvchilar soni 8 barobarga oshgan. 2018/19 o‘quv yilining boshida 13 769 nafar o‘quvchi xususiy maktabga qatnagan bo‘lsa, 2024/25 o‘quv yili boshida bu ko‘rsatkich 112 093 nafarga yetgan.

