Garvard universitetiga chet ellik talabalarni o‘qishga qabul qilish taqiqlandi

Garvard universitetiga chet ellik talabalarni o‘qishga qabul qilish taqiqlandi

AQSh hukumati Garvard universitetiga chet ellik talabalarni o‘qishga qabul qilishni taqiqladi. Bu haqda The New York Times xabar berdi.

 

 

Ichki xavfsizlik vazirligi universitetga xat yo‘llab, almashinuv dasturi bo‘yicha talabalarning qabul qilinishiga ruxsat beruvchi sertifikat darhol bekor qilinishini bildirgan.

 

 

Vazir Garvard universitetining talabalar almashinuvi dasturini amalga oshirish huquqini beruvchi sertifikatini bekor qilishni buyurdi. AQSHda o‘qishni rejalashtirayotgan chet elliklar F yoki M toifasidagi vizani olishi kerak. Bunday vizani olish uchun esa, faqat talabalarni va almashinuv dasturi ishtirokchilarini qabul qilish uchun sertifikatlangan (SEVP) ta’lim muassasalari zarur hujjatlarni taqdim eta oladi.

 

 

Bu Garvardning bundan buyon chet ellik talabalarni o‘qishga qabul qila olmasligini anglatadi. Hozirda Garvardda o‘qiyotgan xorijliklar boshqa universitetga o‘tishga majbur bo‘ladi, aks holda ular mamlakatda qolish huquqini yo‘qotadi.

 

 

Universitet ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-o‘quv yilida Garvardda 7000 ga yaqin xorijlik talaba tahsil olgan. Bu umumiy talabalar sonining 27,2 foizini tashkil etadi.

 

 

«Ma’muriyat Garvardni zo‘ravonlikni va antisemitizmni qo‘zg‘atish hamda Xitoy Kommunistik partiyasi bilan aloqalar o‘rnatishda aybdor deb hisoblaydi, dedi», – Kristi Noem.

 

U universitetlarga chet ellik talabalarni qabul qilish va yuqoriroq kontrakt to‘lovlaridan foyda olish “huquq emas, balki imtiyoz” ekanini ta’kidladi.

 

 

Universitet o‘z bayonotida Tramp ma’muriyatining bu qadamini noqonuniy deb atadi.

 

 

«Biz Garvardning 140 dan ortiq mamlakatdan kelgan, universitetni va ushbu mamlakatni beqiyos boyitadigan xalqaro talabalar va olimlarni qabul qilish qobiliyatini saqlab qolishga to‘liq sodiqmiz. Ushbu qasos harakati Garvard hamjamiyati va mamlakatimizga jiddiy zarar yetkazish bilan tahdid qiladi hamda Garvardning akademik va tadqiqot missiyasiga putur yetkazadi», – deyiladi bayonotida.

 

 

Hozircha AQSh hukumati ham, Garvard ham mazkur holatga izoh bermagan. Eslatib o‘tamiz, 11-aprel kuni Tramp ma’muriyati Harvard universitetiga xat yo‘llab, universitet boshqaruvida keng ko‘lamli islohotlar o‘tkazish, shuningdek, qabul siyosatini o‘zgartirishga chaqirgandi.

 

 

Ma’lumotlarga ko’ra, hech qancha vaqt o’tar-o’tmas Kaliforniya federal sudyasi Garvarddagi xorijiy talabalar huquqiy maqomini bekor qilmoqchi bo’lgan administratsiya qarorini to’xtatib qo’ygan. Ya’ni, hozir statusini yoqotadigan talabalar ushlanib deportatsiya qilinishini muzlatilgan.