Al Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internat faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Oʻquvchilarga xalqaro diplom beriladi

Al Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internat faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Oʻquvchilarga xalqaro diplom beriladi

Shavkat Mirziyoyevning “Prezidentning iqtidorli farzandlari” tashabbusini amalga oshirish to‘g‘risidagi farmoni bilan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida Al Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatni tashkil etiladi.

 

Maktabda o‘quv jarayoni 2025-2026-o‘quv yilidan boshlanib, unda ta’lim jarayoni variativ o‘quv rejalarasosida amalga oshiriladi hamda o‘quvchilar ingliz tilidan tashqari kamida yana bitta qo‘shimcha xorijiy tilga o‘qitiladi.

 

Muassasada davlat budjeti mablag‘lari hisobidan o‘qitiladigan o‘quvchilarning umumiy cheklangan soni 180 nafarni tashkil etadi. O‘quvchilarga ilmiy-tadqiqot va innovatsion startap loyihalar hamda boshqa ijtimoiy loyihalar bo‘yicha o‘zining portfoliosini shakllantirishga ko‘mak beriladi.

 

O‘quvchilar bilan individual ishlash tizimi joriy etilib, 1 nafar maslahatchi va pedagogga to‘g‘ri keladigan o‘quvchilar soni nisbatining cheklangan normativiga mutanosib ravishda 1:15 va 1:8 nisbatlar qo‘llanadi.

 

Maktab bitiruvchilariga davlat namunasidagi ta’lim to‘g‘risidagi hujjat (shahodatnoma) bilan bir qatorda yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirish imkonini beruvchi xalqaro ta’lim dasturi diplomi (International Baccalaureate) beriladi.

 

Bundan tashqari, maktabning ayrim 10-sinf o‘quvchilariga quyidagi imkoniyatlar beriladi:

 

  – dunyoning nufuzli oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan tashkil etiladigan qisqa muddatli o‘quv dasturlarida har yili 1 marotaba qatnashish

 

– xalqaro miqyosda e’tirof etilgan akademik reytingning eng ilg‘or 100 ta oliy ta’lim tashkilotlari ro‘yxatidan joy olgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish xarajatlarini belgilangan tartibda qoplash.

 

 

Farmonga ko‘ra, 2027-yildan har yili “Yorqin iste’dod” loyihasini amalga oshirish uchun nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan maktab bitiruvchilarining xorijiy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olishi uchun 200 tadan kvota ajratiladi.

 

Kvota xalqaro miqyosda e’tirof etilgan akademik reytingning eng ilg‘or 100 ta oliy ta’lim tashkilotlari ro‘yxatidagi tashkilotlarga kamida 50 foizlik grant asosida o‘qishga qabul qilingan maktab bitiruvchilariga beriladi.

 

Kvota talablariga javob beradigan maktab bitiruvchilari soni 200 nafardan kam bo‘lgan taqdirda, o‘qishga yuborish bo‘yicha tanlov o‘tkazilmaydi.