Pedagoglarni attestatsiyadan o’tkazish tizimi xalqaro akkreditatsiyadan o’tkazildi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining boshqarma boshlig’i Sardor Raximboyev ma’lum qildi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish, kasbiy sertifikatlash va rag‘batlantirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 130-sonli qarori bilan pedagog kadrlarga 70 foiz miqdorida qoʻshimcha haq toʻlanishining tartibi tasdiqlangan edi.
Qarorga ko’ra, pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish va malaka toifalari berish tizimi xalqaro e’tirof etilgan vakolatli xorijiy tashkilotlarning akkreditatsiyasidan o‘tkazilgandan so‘ng attestatsiyada ishtirok etib, 86 va undan yuqori ball olgan pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga qo‘shimcha 70 foiz ustama belgilanadi.
Bunda qo‘shimcha ustama faqat malaka sinovida (ikkala bosqichda) ishtirok etib, oliy va birinchi malaka toifasiga erishgan (yoki saqlagan) pedagoglarga beriladi. Belgilangan darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lganligi sababli navbatdagi majburiy attestatsiyada mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasini aniqlash hamda o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovidan berilgan maksimal ball e’tiborga olinmaydi.
Ushbu pedagoglar hamda majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydigan malaka toifasiga ega pedagog kadrlar o‘z xohishiga ko‘ra navbatdan tashqari attestatsiyada ishtirok etish orqali ustamaga ega bo‘lishlari mumkin. Ustamaning amal qilish muddati ikki yil bo‘lib, muddat yakunlangandan so‘ng ustama uchun sinovlarda qayta ishtirok etish mumkin bo‘ladi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri oʻrinbosari Sardor Rajabov AOKA da bo’lib o’tgan matbuot anjumanida tizim xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgandan keyingina, oliy va birinchi malaka toifasini olgan (yoki saqlagan) hamda 86 ball va undan yuqori natijani qayd etgan pedagoglarga 70 foizlik ustama to’lanishi haqida ma’lumot bergan edi.
Pedagoglarga malaka toifalarini berish jarayonini tashkil qilish boshqarmasi boshligʻi Sardor Raximboyev Xalqtaliminfo.uz direktori bilan bo’lgan intervyusida ushbu tizim xalqaro akkreditatsiyadan o’tkazilgani va bahorgi attestatsiyadan boshlab 86 va undan yuqori natijalarni qayd etgan pedagoglarga yangi olgan toifasi boʻyicha haq toʻlash boshlangan paytdan boshlab 70 foizlik ustama ham toʻlanishini maʼlum qildi ma’lum qildi.
«Markaz ekspertlari bilan to’liq akkreditatsiyadan o’tkazildi va Amerika tashkiloti tomonidan tasdiqlandi.
Prezidentning «Tizimni aprel oyigacha xalqaro akkreditatsiyadan o’tkazish» bo’yicha topshiriqlari bor edi. Bu topshiriqni bajarishga biz majburmiz, bajarilishiga shubha qilish mumkinmas. Bu topshiriq bajarildi va pedagoglarga hozir o’tkazilayotgan attestatsiya natijalari bo’yicha 70 foizlik ustama beriladi», – deydi Sardor Raximboyev
Eslatma! Pedagoglar hozirda o’tkazilayotgan (bahorgi) attestatsiya natijalari bilan 70 foizlik ustama, «Yil o’qituvchisi» hamda Vazir ustamasiga da’vorgarlik qilishlari mumkin.
Vazir jamgʻarmasidan ustama berish tartibiga oʻzgartirish kiritish boʻyicha Hukumat qaroriga binoan, keyingi yildan boshlab Vazir jamgʻarmasi uchun oʻtkaziladigan birinchi bosqich (test) sinovlari oʻtkazilmaydi.
Keyingi bosqichga nomzod sifatida malaka sinovlarining birinchi bosqich natijalariga koʻra, umumiy ballning kamida 80 foizini qoʻlga kiritgan fan oʻqituvchilari hamda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyachilari orasidan eng yuqori natijani koʻrsatgan uchta nomzod tanlab olinadi.
2026-yilgi Vazir jamgʻarmasidan ustama oluvchi nomzodlar joriy yilgi malaka sinovlari ishtirokchilari orasidan tanlab olinadi.
