Namangan viloyatining Uchqoʻrgʻon tumanida ogʻir yoʻl-transport hodisasi yuz berdi. 23-sonli maktabning 10-sinf oʻquvchisi otasiga tegishli Cobalt avtomobilini boshqarib, oʻsha maktabning 4-sinf oʻquvchisini urib yuborgan. Bu haqda viloyat YHXB matbuot xizmati xabar berdi.
Olingan maʼlumotlarga koʻra, voyaga yetmagan oʻquvchi mashinani ota-onasi yoʻqligidan foydalanib, yashirincha boshqargan. U harakatlanish chogʻida yoʻlni kesib oʻtayotgan bolani koʻrib, toʻxtashga harakat qilganini, biroq uni urib yuborganini aytmoqda. Ogʻir tan jarohatlari olgan bola kasalxonada vafot etgan.
YTHdan soʻng bolaning otasi Rossiyadan zudlik bilan qaytgan va voqea yuzasidan kechirim soʻragan:
“Bu xabarni eshitganimda Rossiya Federatsiyasida edim. Darhol chiptani olib, uyga qaytdim. Uyda na men, na onasi boʻlganmiz. Rossiyada boʻlgan vaqtimda ham telefon orqali gaplashganimda, unga: ʼMashina bu oʻyinchoq emas, tegmaʼ, deb ogohlantirgan edim. Aybdorman, bu ish qanday sodir boʻlganini oʻzim ham tushunmay qoldim. Endi biz oʻsha bolaning oʻlimiga sababchi boʻlib qoldik. Avvalo, meni kechirishsin” – deydi voqea ishtirokchisining otasi.
Mazkur holat yuzasidan voyaga yetmagan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (oʻlimga olib kelgan YTH) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
