Oʻzbek romanchiligining asoschisi, atoqli yozuvchi Abdulla Qodiriyning mashhur “Oʻtkan kunlar” romani Qirgʻiziston poytaxti Bishkek shahrida qirgʻiz tilida chop etildi. Bu haqda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati xabar bergan.
Mazkur asarni qirgʻiz tiliga tarjima ishlarini taniqli tarjimon Uchqun Abdilazizov amalga oshirgan. Kitob “Uluu toolor” nashriyoti tomonidan bosmaga tayyorlangan bo‘lib, unga Qirgʻiziston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, mashhur adib va tarjimon Samidin Stambekov muharrirlik qilgan.
Romanning yangi nashriga soʻzboshi yozgan adabiyotshunos olim Zuhriddin Isomiddinov unda asarning oʻzbek adabiyotidagi alohida oʻrniga urgʻu bergan.
“Oʻzbek adabiyotida yuzlab romanlar yozildi. Ularning orasida maqtasa arziydigan, talay chet tillarga oʻgirilganlari bor. Biroq shunga qaramay, “Oʻtkan kunlar” romani boshqacha.Agar shunday deyish mumkin boʻlsa, men bu romanni ‘Oʻzbek xalqining pasporti’ deb atagan boʻlardim”, – deya taʼkidlaydi olim.
Ta’kidlash joizki, “Oʻtkan kunlar” romani dunyoning koʻplab tillariga tarjima qilingan bo‘lib, xalqaro miqyosda keng e’tirof etilgan. Mashhur sharqshunos olim Yevgeniy Bertels esa bu asarga yuksak baho berib, shunday degan edi:
“Jahon adabiyotida beshta romanchilik maktabi mavjud: ingliz, fransuz, nemis, rus va hind maktablari. Endi oltinchi maktab paydo bo‘ldi. Bu maktabni yaratgan – Abdulla Qodiriydir.”
