“Nukus davlat texnika universitetini tashkil etish to’g’risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko’ra, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti huzuridagi Nukus konchilik instituti hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filiali negizida Nukus davlat texnika universiteti tashkil etiladi.
Sanoat, texnika-texnologiya, muhandislik sohalari uchun oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish Universitetning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Universitetda Ilg’or muhandislik maktabi faoliyati tashkil etiladi.
2025-2026-o’quv yiligacha Universitetda tajriba-ishlab chiqarish (“spin-off”) korxonasi tashkil etiladi.
2025-2026-o’quv yilidan:
– universitet talabalarining fanlarni o’zlashtirish ko’rsatkichini va professor-o’qituvchilarning faoliyat samaradorligini xalqaro tajribalar asosida baholash tizimi joriy etiladi;
– Amudaryo muhandislik-texnologiyalar texnikumida muhandislik sohalaridagi kasblar bo’yicha kasbiy ta’lim dasturlarida to’liq davlat granti asosida o’rta bo’g’in kadrlari tayyorlash yo’lga qo’yiladi.
Hozirda tahsil olayotgan barcha talabalar o’qishini Universitetda davom ettiradi va bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda Universitet diplomi beriladi.