YUNESKO 2025-yilgi 24 yanvar Xalqaro ta’lim kunini sun’iy intellektga bag‘ishlaydi

YUNESKO Bosh direktori Odri Azul 2025-yilgi Xalqaro ta’lim kunini (24-yanvar, juma) sun’iy intellekt (SI) bilan bog‘liq muammolarga bag‘ishlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

 

 

U YUNESKOga a’zo davlatlarni ushbu texnologiyani ta’limda oqilona qo‘llash maqsadida o‘qituvchilar va talabalarga tayyorgarlik ko‘rish uchun sarmoya kiritishga chaqirdi.

 

“SI ta’lim sohasi uchun keng imkoniyatlar yaratadi, agar u maktablarda aniq axloqiy tamoyillarga asoslangan holda qo‘llanilsa. Bu texnologiya o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishi uchun o‘quv jarayonining insoniy va ijtimoiy jihatlarini to‘ldirishi, lekin ularni almashtirmasligi kerak. SI o‘qituvchilar va o‘quvchilarga xizmat qiladigan vosita bo‘lishi kerak, uning asosiy maqsadi esa ularning mustaqilligi va farovonligi bo‘lishi lozim,” — dedi Odri Azul.

 

 

Bugungi Xalqaro ta’lim kunini sun’iy intellektga bag‘ishlash orqali YUNESKO ushbu texnologiyaning ta’limdagi o‘rni haqida global muhokama tashkil qilishni maqsad qilgan. Shu munosabat bilan Parij va Nyu-Yorkda konferensiyalar, shuningdek, vebinarlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

 

 

Davlatlar sun’iy intellekt bo‘yicha ikki qismga bo‘lingan

 

 

Sun’iy intellekt ta’limda tobora ko‘proq qo‘llanilmoqda. Yuqori daromadli davlatlarda o‘rta maktab o‘quvchilarining 2/3 qismi SI vositalaridan darsga tayyorlanishda foydalanmoqda. O‘qituvchilar esa darslarni rejalashtirish va o‘quvchilar ishlarini baholashda sun’iy intellektni ko‘proq qo‘llashmoqda.

 

 

Bundan tashqari, SI kasb tanlash va maktabga qabul jarayonlarida ham foydalanilmoqda. Biroq, ta’lim ishtirokchilari uchun ushbu texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha aniq tavsiyalar hali mavjud emas.

 

 

2023-yil may oyida YUNESKO tomonidan o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, faqat 10% maktab va universitetlarda SI bo‘yicha rasmiy qoidalar mavjud. 2022-yilgacha esa atigi 7 ta davlat o‘qituvchilar uchun SI bo‘yicha dasturlar ishlab chiqdi, 15 ta davlat esa SI bo‘yicha o‘quv rejalariga maqsadlarni kiritdi.

 

 

Shu bilan birga, ko‘plab davlatlar yangi texnologiyalardan darslarda foydalanishga cheklovlar joriy qilmoqda. YUNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil iyul oyida 24% maktablarda mobil telefonlardan foydalanish taqiqlangan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 40% ga yetgan.

 

 

O‘quvchilar va o‘qituvchilar uchun xizmat qiluvchi vosita

 

 

Ta’lim, ilm-fan, madaniyat va axborot sohalarini qamrab olgan keng mandatga ega YUNESKO so‘nggi 10 yil davomida sun’iy intellekt masalalari bilan shug‘ullanib kelmoqda. 2021-yil noyabr oyida tashkilot a’zo davlatlari SI ning axloqiy jihatlari bo‘yicha birinchi global normativ hujjatni qabul qilgan edi.

 

 

2023-yil sentabr oyida YUNESKO ta’lim va ilmiy tadqiqotlarda generativ sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha birinchi qo‘llanmasini e’lon qildi. 2024-yilda esa o‘quvchilar va o‘qituvchilar uchun sun’iy intellekt bo‘yicha ikki tizim ishlab chiqilib, unda uning imkoniyatlari va xavflari muhokama qilingan. Ushbu hujjatlarda sun’iy intellekt(SI) darslarda foydalanish uchun minimal yoshni 13 deb belgilash taklif etilgan.

 

 

Bundan tashqari, YUNESKO davlatlardan SI rivojlanishi uchun ajratiladigan mablag‘lar ta’limga ajratilgan asosiy mablag‘lardan olinmasligi kerakligini ta’kidlamoqda. Chunki har to‘rtinchi boshlang‘ich maktab elektr energiyasiga ega emas, 60% maktab esa internetga ulanish imkoniga ega emas.

 

 

YUNESKOning fikricha, ta’lim sohasidagi asosiy ehtiyojlar ustuvor bo‘lib qolishi kerak: yaxshi jihozlangan maktablar, malakali va o‘z ishiga sodiq o‘qituvchilarni ta’minlash zarur.

Add a Comment

Your email address will not be published.

Mavzuga oid​

Telegram kanalga a’zo bo’lgan holda yangiliklar to'g'ridan-to'g'ri xabardor bo’ling!

Hamkorlarimiz

По теме

Станьте участником Telegram-канала и будьте в курсе новостей напрямую!

Наши партнеры