2024-yil 7-avgust kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻqituvchilari uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarini bosqichma-bosqich joriy etish toʻgʻrisida”gi 246-sonli buyrugʻi qabul qilinganligi haqida xabar qilgan edik.
Qarorga ko’ra, umumiy o‘rta ta’lim muassasasi o‘qituvchisining “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarida ishtirok etishi uning o‘z malakasini muntazam ravishda oshirib borish bo‘yicha majburiyati etib belgilandi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘qituvchilari uchun fanlar kesimida “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlari tashkil etiladigan kunlar quyidagi jadval asosida belgilandi:
Kasbiy rivojlanish kunlari tegishli fan o‘qituvchilari uchun asosan kasbiy rivojlantirish tadbirlarida ishtirok etadigan ish kuni hisoblanadi.
“Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlari o‘tkaziladigan vaqtda tegishli fan o‘qituvchilarini maktablardagi dars mashg‘ulotlariga va boshqa tadbirlarga jalb qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘qituvchining “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarida ishtirok etmaslik holati shu kuni ishga kelmaganlik sifatida qayd etiladi va unga ish haqini hisoblashda amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda hisobga olinadi.
O‘qituvchi o‘quv yili davomida “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarida uzrli sabablarga (mehnatga layoqatsiz bo‘lgani, xizmat safarida bo‘lgani va qonunchilikda belgilangan boshqa holatlar) ko‘ra 12 soat qatnashmagan taqdirda unga “Uzluksiz kasbiy ta’lim” elektron platformasida tashkil qilingan maxsus o‘quv kursida malaka oshirish orqali zarur bilim va ko‘nikmalarni egallash uchun imkoniyat beriladi.
O‘qituvchi o‘quv yili davomida “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarida 12 soat uzrli sabablarsiz qatnashmagan taqdirda uning “Uzluksiz kasbiy ta’lim” elektron platformasida tashkil qilingan maxsus o‘quv kursida shartnoma asosida malaka oshirishi talab qilinadi.

