Daryo.uzning xabar berishicha, Rossiyada migrantlarni maktab va bog‘chalardan 200 metrdan kam masofada yashashi taqiqlanishi mumkin. Davlat dumasida tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bu haqda Liberal demokratik partiyasi rahbari Leonid Slutskiy ma’lum qilgan.
Biz mehnat migrantlarining taʼlim muassasalari hududidan 200 metrdan kam masofada yashashini taqiqlovchi qonun loyihasini tayyorlayapmiz. Shuningdek, maktab, bog‘cha va bolalar bo‘ladigan boshqa muassasalar binolarida migrantlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni taqiqlash nihoyatda muhim, deb hisoblaymiz, dedi Slutskiy.
Amaldagi qonunchilik mehnat migrantlari yashash joylarini tanlashiga hech qanday cheklov qo‘ymaydi. Slutskiyning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab xorijliklar ko‘pincha ta’lim muassasalari yaqinida yashaydi, bu esa voyaga yetmaganlar uchun nojo‘ya xatti-harakatlar yuzaga kelgan taqdirda “potensial xavf” tug‘diradi.
Hujjatda, shuningdek, mehnat migrantlarining bino va xonalarni ta’mirlash ishlari doirasida bevosita ta’lim tashkilotlari hududida yashashi holatlari uchrayotgani aytiladi.
Slutskiyning ta’kidlashicha, vaqtincha faoliyat ko‘rsatmayotgan ta’lim muassasalari binolarida migrantlarning yashash holatlari kuzatilgan. Bu binolar ijaraga berilgan bo‘lsa-da, ularning asosiy maqsadli vazifasi o‘zgartirilmagan.