Jamoaviy sport turlarini rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-421-son, 04.12.2024-yil) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2025-2026-oʻquv yilidan barcha davlat universitetlarida voleybol, basketbol, gandbol, regbi, chim ustida xokkey, suv polosi jamoaviy sport turlari boʻyicha, boshqa davlat oliy taʼlim muassasalarida kamida 3 ta jamoaviy sport turlari boʻyicha sport klublari tashkil etiladi.
2025-2026 oʻquv yilidan jamoaviy sport turlari boʻyicha quyidagi sport musobaqalarini oʻtkazib borish yoʻlga qoʻyiladi:
– “Maktab ligasi”;
– “Talabalar ligasi” va “Oliy taʼlim kubogi”;
– “Rektor kubogi”.
Vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari, davlat ishtirokidagi tijorat banklari va korxonalarda kamida 3 ta jamoaviy sport turlari boʻyicha sport klublari tashkil qilinadi.
Bunda jamoaviy sport turlari boʻyicha idoraviy tashkilotlar kesimida “Rahbar kubogi”, mahalliy hokimliklar kesimida “Hokim kubogi” musobaqalari oʻtkazib boriladi.
Quyidagilar yoʻlga qoʻyiladi:
– tadbirkorlik subyektlarida jamoaviy sport turlari boʻyicha sport klublarini tashkil qilish;
– tadbirkorlik subyektlari sport klublari oʻrtasida “Korporativ sport oʻyinlari” sport musobaqasini oʻtkazib borish.