Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Oliy majlisning Bola huquqlari bo’yicha vakili (Bolalar ombudsmani) ning ta’lim tashkilotlarida bolalarga nisbatan zo’ravonlik holatlariga yo’l qo’ygan pedagog va tarbiyachilarning kelgusida bolalar bilan ishlash bo’yicha mehnat faoliyatini davom ettirishi uchun muayyan cheklovlarni, qo’shimcha talablarni nazarda tutish to’g’risidagi taklifi ma’qullandi.
Bu haqda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-dekabrdagi “Bolalar masalalari bo’yicha komissiyalar faoliyatining samardorligini oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 201-sonli Farmonida nazarda tutilgan.
Unga ko’ra, Adliya vazirligi Oliy Majlisning Bola huquqlari bo’yicha vakili (Bolalar Ombudsmani), Kambag’allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda ushbu bandda nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishi va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritishi;
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi birgalikda bir oy muddatda pedagoglarning tarbiyalanuvchilar, o’quvchi va talaba yoshlar bilan o’zaro munosabatlarini tartibga soluvchi barcha hujjatlarni zamonaviy talablar asosida, shu jumladan, bolalarga nisbatan zo’ravonlikning oldini olish bo’yicha ta’sirchan mexanizmlarni nazarda tutgan holda to’liq qayta ko’rib chiqishi belgilangan.
Hozircha, bolalarga nisbatan zo’ravonlik holatlariga yo’l qo’ygan pedagog va tarbiyachilarning ta’lim muassasasida mehnat faoliyatini davom ettirishi uchun aynan qanday cheklovlar joriy qilinishi ma’lum emas.
Manba: Xalq ta’limi info