Nyu-York maktablarida yakuniy imtihonlar o‘rniga «bitiruvchi portreti» joriy etilmoqda

Nyu-York shtati Ta’lim departamenti 2029/2030 o‘quv yiliga kelib shtatdagi barcha maktablarda bitiruv imtihonlarini bekor qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda K12 Dive xabar berdi.

 

 

Mazkur vaqtdan boshlab maktabni tamomlash to‘g‘risidagi hujjatlar o‘rniga “bitiruvchi portreti” taqdim etiladi. Bu portret o‘quvchining o‘qish davrida egallagan ko‘nikma va kompetensiyalarini aks ettiruvchi ro‘yxat sifatida shakllantiriladi.

 

 

Kompetensiya — bu ma’lum bir sohada samarali ishlash uchun zarur bo’lgan bilim, ko’nikma va malakalar yig‘indisi. Masalan, kasbiy, ijtimoiy, raqamli yoki tanqidiy fikrlash kabi kompetensiyalar mavjud.

 

 

So‘nggi yillarda AQShda “bitiruvchi portreti” ni ishlab chiqish standart baholash usuliga muqobil yoki uni to‘ldiruvchi uslub sifatida keng qo‘llanilmoqda.

 

Ushbu metodni ishlab chiqqan tashkilotlardan biri Battelle for Kids nodavlat tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, model “tezkor o‘zgaruvchan va murakkab dunyoda o‘quvchilarning muvaffaqiyati uchun zarur bo‘lgan uzoq muddatli ko‘nikma va kompetensiyalarni aniqlash” hamda o‘quvchilar ularga ega ekanligini namoyish qilishni maqsad qilgan.

 

 

Eksperimentlar va davlat darajasidagi o‘zgarishlar

 

 

AQShning beshta shtatida bilimlarni baholashdan ko‘ra ko‘nikmalarni baholash tizimiga o‘tish bo‘yicha eksperiment o‘tkazilmoqda. Ushbu baholash tizimini isloh qilish jarayoni jamoatchilik muhokamasi va tegishli nizomlarni shtatlar darajasida tasdiqlash orqali amalga oshiriladi.

 

 

Birinchi bosqichda shtatlar “bitiruvchi portreti”ni tasdiqladi va maktab o‘quvchilarida rivojlantirilishi kerak bo‘lgan ko‘nikmalar va qadriyatlarni belgiladi. Ular orasida quyidagilar ustuvor hisoblanadi:

 

 

– muloqot qilish ko‘nikmasi;

 

– hamkorlik qilish qobiliyati;

 

– qat’iyatlilik;

 

– raqamli savodxonlik;

 

– tanqidiy va ijodiy fikrlash.

 

 

Mazkur yangi baholash tizimini yaratish, shuningdek, bugungi ish beruvchilarning xodimlarni tanlashda e’tibor qaratadigan aniq ko‘nikmalarni baholash tamoyillariga mos keladi.

 

 

Jarayon ishtirokchilari va amalga oshirishdagi qiyinchiliklar

 

 

“Bitiruvchi portreti” ni loyihalash jarayonida — nafaqat ta’lim tashkilotlari, balki keng jamoatchilik vakillari, jumladan, o‘qituvchilar, talabalar, saylangan amaldorlar va maktab o‘quvchilari oilalari ham jalb etilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, maktablar uchun bunday modelga o‘tish murakkab vazifa hisoblanadi. Masalan, Nyu-York shtatida amaldagi bitiruv imtihonlaridan voz kechish uchun o‘qituvchilarni professional qayta tayyorlash, o‘quv dasturlarini o‘zgartirish va qo‘shimcha resurslarni jalb qilish talab etiladi.

 

 

Hozirgi baholash tizimlari va ularning o‘rni

 

 

Hozirgi kunda AQShda yuqori sinf o‘quvchilari umumta’lim bitiruv imtihonlari (har bir fan bo‘yicha) hamda kollej va universitetlarga kirish uchun ACT yoki SAT testlarini topshiradi. Har bir shtat maktabni tugatish uchun talab qilinadigan bitiruv imtihonlari ro‘yxatini mustaqil belgilaydi. Masalan, Nyu-York shtatida o‘quvchilar matematikadan, tabiiy fanlardan, ijtimoiy fanlardan va ingliz tilidan Regents Exams deb nomlangan imtihonlarni topshirishlari kerak.

 

 

Shu bilan birga, ACT va SAT kabi standartlashtirilgan testlar (O‘zbekistonning DTM imtihonlariga o‘xshash) AQShda oliy o‘quv yurtlariga kirishda majburiy hisoblanmaydi. Pandemiya davridan boshlab ko‘plab universitet va kollejlar ushbu testlardan voz kechib, abituriyentlarni maktabdagi yutuqlari (portfel) asosida qabul qilishni boshladi. Hatto ACT va SAT natijalarini qabul qiluvchi OTMlar ham tanlov jarayonida maktab yutuqlarini, jumladan, o‘quvchining o‘rtacha bahosi (GPA), ixtiyoriy murakkab kurslarni o‘zlashtirishini, tanlov va loyihalardagi ishtirokini inobatga oladi.

 

 

Shu tariqa, AQShda bitiruv imtihonlaridan va oliy o‘quv yurtlariga kirishda standart testlardan voz kechish bo‘yicha eksperimental amaliyot kengaymoqda.

Add a Comment

Your email address will not be published.

Mavzuga oid​

Telegram kanalga a’zo bo’lgan holda yangiliklar to'g'ridan-to'g'ri xabardor bo’ling!

Hamkorlarimiz

По теме

Станьте участником Telegram-канала и будьте в курсе новостей напрямую!

Наши партнеры