O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan tashkilotning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida mamlakatning 2030-yilgacha sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasining taqdimoti tashkil etilgani haqida Dunyo axborot agentligi xabar berdi.
Tadbir ishtirokchilari Strategiyaning asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilayotgan yutuqlar bilan yaqindan tanishgan.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan axborot texnologiyalarini rivojlantirish va innovatsiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotgani aytib o‘tilgan.
Yig‘ilganlarga O‘zbekistonda sun’iy intellektga asoslangan dasturiy mahsulotlar va xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish, sun’iy intellekt sohasida faoliyat yurituvchi 10 ta ilmiy laboratoriya ochish, tegishli texnologiyalarni ishlab chiqish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy bazani mustahkamlash rejalari haqida gapirilgan.