“Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida jismoniy tarbiya fani oʻqitilishini tubdan takomillashtirish hamda ushbu fan oʻqituvchilarining kasbiy faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-392-son, 15.11.2024) qabul qilindi.
Qaror bilan jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga malaka toifasi berishning yangi tartibi ishlab chiqiladi.
Qarorga koʻra, 2025-yil:
– 1-martga qadar boshlangʻich, oʻrta va yuqori sinf oʻquvchilari yosh toifasi boʻyicha harakatli oʻyinlar, olimpiya va ommaviy sport turlariga ustuvorlik berish orqali sport turlari roʻyxati shakllantiriladi;
– 1-iyunga qadar maktab oʻquvchilarining sport musobaqalaridagi ishtiroki, maktab sport klublarining faoliyati, oʻquvchilarni sportga qamrab olinganlik darajasini aniqlash yuzasidan reyting tizimi ishlab chiqiladi;
– 1-mayga qadar maktab sport klublari aʼzolari uchun Zomin tumani “Lochin” dam olish maskanida oʻquvchilarni sport musobaqalariga tayyorlash bazasi tashkil etaladi;
– 1-iyulga qadar jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilarining bilim darajasi va kasbiy mahoratini aniqlash boʻyicha milliy baholash tizimi ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi.
2025/2026 oʻquv yilidan boshlab:
– 5–11-sinflar jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari uchun oʻquv-metodik qoʻllanmalar ishlab chiqiladi;
– har bir maktabda bosqichma-bosqich maktab sport klublari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;
– har yili anʼanaviy tarzda maktablar oʻquvchilari oʻrtasida “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalari tashkil etiladi.