Oʻzbekistonda kasbiy taʼlim tizimini takomillashtirish va xalqaro taʼlim dasturlarini joriy etish maqsadida bir qator muhim oʻzgarishlar kiritilmoqda. Ushbu oʻzgarishlar kasbiy taʼlim muassasalarini raqobatbardosh kadrlar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Bundan buyon kasbiy taʼlim muassasalari umumiy talablarga mos turli bosqichlarda kadrlar tayyorlaydigan yagona, koʻp tarmoqli tizim asosida tashkil etiladi. Shuningdek, taʼlim jarayoniga xalqaro standartlarni joriy qilish, akademik mustaqillikni kengaytirish, raqamlashtirish hamda mutaxassislik kompetensiyalari boʻyicha qisqa kurslarni tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu tizimda talabalarning xalqaro tan olinadigan diplomga ega boʻlishi ham nazarda tutilgan.
2025-yildan boshlab kasbiy taʼlim tashkilotlari tarkibida texnikumlar faoliyatini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Bu texnikumlarda kadrlar tayyorlash jarayonlarini davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida amalga oshirish, oʻquv rejalarini oʻzlashtirilgan modullar asosida belgilash, malakaga koʻmaklashish maqsadida maxsus elektron platformani ishlab chiqish va uni davlat “Elektron hukumat” tizimiga integratsiya qilish maqsad qilingan.
Ushbu islohotlar doirasida ishlab chiqarish va taʼlimning integratsiyasini taʼminlash ham koʻzda tutilgan. Xususan, kasbiy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining kompetensiyalarini aniqlashda ish beruvchilar bilan hamkorlikda baholash jarayonini oʻtkazishga alohida ahamiyat qaratiladi. Taʼlim va ishlab chiqarish jarayonida dual taʼlim shaklini joriy etish orqali amaliy koʻnikmalarga eʼtibor berish ham koʻzda tutilgan.
Shuningdek, texnikumlarning rahbar kadrlarini ochiq tanlov asosida tanlash tartibi joriy etilib, ularning strategik rejalarini baholash orqali mehnat shartnomalarini uzaytirish imkoniyati yaratiladi.
Ushbu farmon asosida kasbiy taʼlim sohasidagi islohotlar uchun zarur moliyaviy mablagʻlar ajratilib, Kasbiy taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etiladi. Mazkur jamgʻarma kasbiy taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash va zamonaviy oʻquv-uslubiy materiallar bilan taʼminlash uchun xizmat qiladi.
2025 — 2027-yillarga moʻljallangan islohotlar dasturi doirasida kasbiy taʼlim muassasalarini zamonaviy uskunalar, laboratoriya va ustaxonalar bilan jihozlash, oʻquv materiallarini raqamlashtirishga katta eʼtibor qaratiladi.