Fizika oʻqituvchilari attestatsiya imtihonidan nega norozi?

Pedagoglar oktyabr oxirida oʻtgan attestatsiya testidan juda past ball olgan. Savollar murakkab tuzilgani va ular tasdiqlangan adabiyotlardan emas, balki boshqa manbalardan tarjima qilingani lekin Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi esa buni rad etayotgani aytilmoqda.

 

Bir guruh fizika fani oʻqituvchilari 31-oktyabrda oʻtkazilgan attestatsiya imtihonida tushgan savollardan norozi boʻlib, Kun.uzʼga murojaat qilgan. Turli hududlardan tahririyatga yozgan pedagoglar bu yilgi savollar juda murakkab boʻlganini, koʻrsatilgan adabiyotlardan tuzilmaganini aytmoqda.

“31-oktyabr kuni hamma viloyatlarda fizika fanidan attestatsiya imtihoni boʻlib oʻtdi. Respublika fizika guruxlar kanalida deyarli hamma fizika fan oʻkituvchilari Maktab vazirligidan norozi. Bizga koʻrsatilgan adabiyotlardan savollar tuzib, attestatsiya jarayonini kayta oʻtkazib berilishini soʻraymiz”,– deydi shaxsini ochiqlashni istamagan oʻqituvchilardan biri.

Navoiy viloyati Xatirchi tumanidan murojaat qilgan yana bir oʻqituvchi imtihondan 80 ball olganini, berilgan masalalarda ildizdan chiqarib boʻlmaydigan irratsional sonlar tushganini aytmoqda.

Biz shuncha narsani oʻqiganimiz uchun qiynalib olgan boʻlsak, oddiy oʻqituvchilar qanday olishsin? Qani adabiyotlar roʻyxatidan foydalanilgani, qani maktab darsliklari tipidagi masalalar, qani Oʻlmasova, qani Gʻaniyev kitoblari tipidagi masalalar?

Masalalarni hisoblashga ancha vaqt ketib qoldi. Ustiga-ustak noqulay, ildizdan chiqmaydigan irratsional sonlar. Keyin juda koʻp masalada ildizdan chiqmaydigan sonlar tanlangan. Ekranda turgan kalkulyatorda esa ildiz chiqarish funksiyasi yoʻq. Ildiz chiqarish qoidasi ham bor. Ammo bu usul ancha vaqt olib qoʻyadi.

Men ochigʻi bugungi attestatsiya savollaridan qoniqmadim, bahorda topshirganimda bugungidek qiynalmagan edim. Keyin savollar nega chiqib ketgan? Nega korrupsiya urchigan? Nega ustozlarning ustidan kulishyapti? Nega ularni yiqitib mazax qilishyapti? Ularni aybi nima? Nega ularni fanidan sovutyapsizlar?

Axir, ular testdan oʻtolmasa rahbariyati, oʻquvchilarining oldida qanchalik mulzam boʻlishini, qoʻli ishga bormasligini oʻylab koʻrdinglarmi?”, – dedi u.

Oʻqituvchining qoʻshimcha qilishicha, pedagoglar bunday holat yuzasidan avval ham attestatsiya savollarini tuzuvchilarga soʻrov yuborishgan, ammo javob xati kelmagan.

Fargʻona viloyati Beshariq tumanidan yozgan yana bir fizika, matematika oʻqituvchisi esa attestatsiya savollari Eron adabiyotlaridan toʻgʻridan-toʻgʻri tarjima qilinganini bildirdi.

Manba sifatida Eron adabiyotlaridan foydalanilgan va ilmiy xatolar qilingan. Bu nafaqat meni, balki butun fizika fani oʻqituvchilarining muommosi. Shunday manbalardan savol tuzilar ekan, nima uchun bizga shu adabiyotlar roʻyxati berilmadi? Nostandart savollar tuzilgan. Spetsifikatsiyada bunday adabiyotlar roʻyxati mavjud emas. Biz qayerga murojaat qilishni bilmay qoldik. Ishonch raqamlariga bogʻlansak, boshqa raqam berishyapti. U raqamga boglanib boʻlmayapti. Sizlardan shu boʻyicha bizga attestatsiya jarayonini qayta olinishida amaliy yordam berishingizni soʻraymiz”,– deydi u.

Pedagog dalil sifatida tahririyatga bir qancha skrinlarni taqdim qildi. Suratlarda ingliz tilidagi savol oʻzbek tilidagisida ham takrorlanganini koʻrish mumkin. Maktab xodimi xuddi shu savol attestatsiyada imtihonida berilganini maʼlum qildi.

Баъзи саволларда мазмун кўчирилиб, рақамлар ўзгартирилгани ҳам айтилмоқда.

Fizika fanidan malaka testlari eʼlon qilingan spetsifikatsiya asosida tuzilgan” – markaz

Kun.uz vaziyat yuzasidan izoh olish uchun Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan bogʻlandi. Vazirlikning Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi savollar Eron adabiyotlaridan olinganini rad etib, fizika fanidan malaka testlari eʼlon qilingan spetsifikatsiya asosida tuzilganini maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, taklif etilgan adabiyotlar spetsifikatsiyadagi mazmun sohasini qamrab olgan boʻlib, ushbu mavzularning nazariy qismini oʻrganish uchun tavsiya etilgan.

«Test topshiriqlari adabiyotlardan olinmaydi, shu mavzular yuzasidan tuziladi. Barcha fanlar boʻyicha berilgan testlar belgilangan vaqt davomida ishlashga moʻljallangan, bir necha bor fan mutaxassislari tomonidan vaqtni belgilash maqsadida aprobatsiyadan oʻtkazilgan.

Bunda baʼzi bir test savollarini yechishga koʻproq vaqt talab qilinib (maksimum 5-6 daqiqa) va bunday turdagi savollar 5 ta ni tashkil etadigan boʻlsa, boshqa koʻpgina savollarga javob berish uchun juda qisqa vaqtni (0,5-1 daqiqa) yetarli boʻlishi inobatga olingan.

Testlarda spetsifikatsiya asosida kognitiv darajalarni baholash nazarda tutilgan: fan yuzasidan bilish, qoʻllash, mulohaza yuritish va tahlil qilish koʻnikmalarini baholashga oid topshiriqlar berilgan. Ularning taqsimoti ham testologiya qoidalari asosida ishlab chiqilgan.

Bunda bilishga doir 5ta, qoʻllashga 25ta va mulohazaga 5ta savollar berilgan boʻlib, agar nomzod mulohazaga doir savollarni murakkab yoki koʻp vaqt talab etilgani sababli yecha olmagan taqdirda ham qolgan 30ta savolga javob berib, 60 ball toʻplash imkoniyatiga ega. Mulohazaga doir savollar Blum taksanomiyasining yuqori darajalaridagi koʻnikmalarni(21-asr koʻnikmalari) qamrab olgan boʻlib, hozirgi kunda hatto oʻquvchilarda ham bu koʻnikmalarni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda»,– deyiladi rasmiy izohda.

Shuningdek, markaz imtihondan norozi boʻlgan oʻqituvchilarning oʻzi bilan uchrashib, har biri bilan individual masalani hal qilishini bildirdi.

Add a Comment

Your email address will not be published.

Mavzuga oid​

Telegram kanalga a’zo bo’lgan holda yangiliklar to'g'ridan-to'g'ri xabardor bo’ling!

Hamkorlarimiz

По теме

Станьте участником Telegram-канала и будьте в курсе новостей напрямую!

Наши партнеры